19:33 / 19.09.2015
3906

MAN Auto Uzbekistan ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga 30 mln dollar sarflaydi

Samarqand viloyatida joylashgan MAN Auto Uzbekistan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi MAN yuk mashinalari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishga 30 mln dollarga yaqin mablag‘ sarflaydi, deb xabar berdi kompaniya vakili “RIA Novosti” axborot agentligiga.

O‘zbekistonga 18 sentabrda MAN Truck and Bus nemis kompaniyasining bosh ijrochi direktori Yoaxim Dres boshchiligidagi delegatsiyasi keldi. Delegatsiya MAN Auto Uzbekistan’ning dilerlik va xizmat ko‘rsatish markazlariga tashrif buyurib, yuk mashinalarining yig‘ilish jarayoni bilan tanishib chiqadi. Bunda O‘zbekistonda MAN yuk mashinalari butlovchi qismlarining ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni rivojlantirishga alohida e'tibor ajratiladi.

Kompaniya vakilining aytishicha, mahalliylashtirish dasturi doirasida haydovchi kabinalari va yaroqlikka sinovlarni talab qilmaydigan butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 3 ming donani tashkil qiladi. Umumiy qiymati 30 mln dollarni tashkil qiladigan loyihalarni amalga oshirish ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib, u MAN yuk mashinalari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish darajasini 25 foizgacha yetkazish imkonini beradi.

Ma'lumot uchun, 2009 yilda “O‘zavtosanoat” AJ va Germaniyaning MAN Nutzfahrzeuge kompaniyasi ustav kapitali 3 mln dollarlik MAN Auto Uzbekistan qo‘shma korxonasiga asos solishdi. Korxonaning 51 foizi O‘zbekistonga, 49 foizi nemis tomoniga tegishli. Korxonaning loyihaviy quvvati yiliga 5 ming dona yuk mashinasini tashkil qiladi. Korxona to‘liq og‘irligi 15 tonnadan 41 tonnagachani tashkil qiladigan TGA va CLA modifikatsiyasidagi yuk mashinalarini ishlab chiqaradi.

Top