15:49 / 19.09.2015
5078

Muftiy Usmonxon Alimov Butunjahon islom uyushmasi tashkil etgan xalqaro anjumanida ishtirok etdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Butunjahon islom uyushmasi Bosh kotibi Abdulloh Abdulmuhsin Turkiyning taklifiga binoan 2015 yil 16-17 sentabr kunlari Makkai Mukarrama shahrida “Musulmon yoshlar va zamonaviy axborot tizimlari” shiori ostida o‘tgan anjumanda ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro anjuman Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz al-Saudning homiyligida tashkil etildi. Unda Saudiya Arabistoni podshohi maslahatchisi, Makka hokimi Amir Xolid Faysal, arab va musulmon mamlakatlardan nufuzli olim va din arboblari ishtirok etdilar.
Anjuman ochilishida Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) bosh muftiysi Shayx Abdulaziz ibn Abdulloh Oli Shayx ham qatnashdi. Butunjahon islom uyushmasining Bosh kotibi Abdulloh Turkiy kirish so‘zida mazkur xalqaro anjuman davomida musulmonlar hayotida muhim o‘rin olgan axborot tizimini yanada rivojlantirish, ta'lim-tarbiya, madaniyat sohasida uning muhim o‘rni haqida ulamolar yozgan ma'ruzalar tinglanib muhokama etiladi, deb ta'kidladi.
Anjuman ishtirokchilari nomidan “al-Azhar” universiteti rektori doktor Abdulhay Izb so‘zlab, hozirgi vaqtda musulmonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishda yangi axborot tizimlarini rivojlantirishning juda muhim ekanligini uqtirdi. Shuningdek, u axborot tizimlari musulmonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berishdagi ahamiyatini alohida ta'kidladi.
Xalqaro anjumanda so‘zga chiqqan boshqa ishtirokchilar zamonaviy axborot tizimlarini rivojlantirish yo‘llari, yangi arzon texnik imkoniyatlarga ega bo‘lish va ularni osonlik bilan ishlatish yo‘l-yo‘riqlari haqida fikr bildirishdi.
Barcha olimlar axborot tizimi jamiyat o‘zgarishida asosiy omillardan biri hisoblanib, islom muassasalari uning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shish kerakligi, bu yoshlarga albatta ijobiy ta'sir ko‘rsatishi lozimligi, ularning madaniy immunitetlarini kuchaytirishi kerakligini e'tirof etdilar.
Anjumanda so‘zga chiqqan tadqiqotchilar ayrim yoshlar yangi axborot tizimidan salbiy yo‘nalishlarda foydalanayotgani, turli asossiz xabar, mish-mishlar tarqatib, vaqtlarini bekorga o‘tkazayotganliklariga e'tibor qaratdilar.
Butunjahon islom uyushmasining 16-xalqaro anjumani o‘z nihoyasida yakunlovchi bayonnoma qabul qildi. Unda so‘zlangan ma'ruza va bildirilgan fikrlar xulosasiga binoan zamonaviy axborot tizimidagi muhim jihatlar, musulmon yoshlarga, olimlar va axborot vositalari idoralariga tegishli tavsiyalar, yangi islom axboroti haqida Butunjahon islom uyushmasining bu masaladagi o‘rni va ta'siri haqidagi fikrlar o‘z o‘rnini topdi.
Anjuman faoliyati davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Butunjahon islom robitasi bosh kotibi Abdulloh Abdulmuhsin Turkiy bilan muloqotda bo‘ldilar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati

Top