09:52 / 19.09.2015
3291

O‘FF prezidenti Babayan va Jalilovning hisobotini qabul qildi

Ushbu haftada O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi murabbiylar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda milliy va olimpiya terma jamoalarining hisoboti tinglandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

Majlisga O‘FF Prezidenti Mirabror Usmonov raislik qildi. Murabbiylarning hisobotidan avval u kun tartibidagi masalalar bo‘yicha kengash a'zolari va taklif etilganlarga axborot berdi.

“Bugungi kunda milliy terma jamoa tarkibi qanchalik kuchli bo‘lsa, olimpiya terma jamoasi ham shunchalik kuchli. Jamoada salohiyat katta. Futbolchilar yonib o‘ynashyapti. Ular olimpiya terma jamoasidagi o‘yinlari orqali milliy terma jamoa eshiklarini ochish uchun jon berib o‘ynashadi. Qolaversa, olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish har qanday futbolchi uchun katta orzu. Shu nuqtai nazardan olib qaralsa, olimpiya terma jamoasining Rio olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi yo‘lidagi zahmatli ishlarida omad va muvaffaqiyat tilab qolaman”, - deydi Usmonov.

Olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikning asosiy qismini BAAning Dubay shahrida o‘tkazadi. Ikki bosqichli tayyorgarlikning birinchisi 2-14 dekabr kunlariga to‘g‘ri kelsa, ikkinchisi 17-28 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 9 yanvarda boshlanadigan Osiyo chempionatiga borish oldidan ham olimpiyachilar 2 yanvarda Dubayga jo‘nab ketib, u yerda yana bir hafta mobaynida tashkil qilinadigan yig‘inda musobaqaga tayyorgarlik ko‘radilar.

Viktor Jalilov boshchiligidagi olimpiya terma jamoasining olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lidagi tayyorgarlik jarayoni uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi murabbiylar shtabining talablari asosida mavjud shart-sharoitlarni muhayyo qilib bergan. Tayyorgarlikning reja asosida borishini bosh murabbiy nazorat qilib boradi va federatsiya rahbariyatiga hisobot beradi.

Majlisda, shuningdek, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanga olimpiya terma jamoasining tayyorgarligi borasida Viktor Jalilov bilan yelkama-yelka ishlash, zaruriyat tug‘ilsa yordam berish vazifasi yuklandi.

“Biz olimpiada yo‘llanmasi uchun harakat qilyapmizmi, demak, hammamiz birga ishlashimiz kerak. Murabbiylarga, futbolchilarga nima kerak bo‘lsa, joyida bajo keltirishimiz kerak. Olimpiya terma jamoasi tarkibida milliy terma jamoa a'zolari ham borligini inobatga olib, Samvel Babayanning ham yordamga kelishini, zaruriyat tug‘ilsa, 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida olimpiya terma jamoasi murabbiylari tarkibiga bosh murabbiy istagan har qaysi mutaxassisni taklif etishga haqqi borligini alohida ma'lum qilib o‘tmoqchiman”, - deydi Mirabror Usmonov.

Majlisda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Viktor Jalilovning hisoboti qabul qilindi.

Hisobot davri davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Yaman terma jamoasi bilan o‘ynab 1:0 hisobida g‘alaba qozondi, Manilada esa Filippin terma jamoasini 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 6 ochkodan 6 ochko olishni uddaladi. Samvel Babayan boshchiligidagi milliy terma jamoa jahon chempionati saralashi doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 8 oktabr kuni safarda Bahraynga qarshi o‘tkazadi.

“Terma jamoa masalasi eng ustuvor masala”, - deydi kengash raisi Mirabror Usmonov. “Terma jamoaning taqdiri uchun faqat jamoa emas, federatsiyadagi katta rahbardan tortib, oddiy ishchigacha javobgar hisoblanadi. Oktyabrda Bahraynga qarshi, noyabrda esa Shimoliy Koreya va Yamanga qarshi jiddiy o‘yinlar bor. Katta sinov davri ostonasida men federatsiyadagi barcha xodimlardan, mutaxassis va ekspertlardan terma jamoa uchun yordamlarini ayamasliklarini so‘rayman. Milliy terma jamoa bosh murabbiyiga esa, g‘alaba uchun nima kerak bo‘lsa, har doim bo‘lgani kabi yordam berishga tayyormiz.”

O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarkibi shakllanishi uchun o‘smirlar, yoshlar va olimpiya terma jamoalari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik yuzaga kelgan. Aynan shu tizim asosida bugun milliy terma jamoaga yosh futbolchilarning yetishtirib berilishi natijasida tarkibda katta raqobat yuzaga keldi. Raqobat shundayki, Samvel Babayanning ixtiyorida bugungi kunga kelib har bir chiziqda teng kuchli ikki-uch nafar futbolchi bor.

“Terma jamoa a'zolari buni juda yaxshi tushunishadi”, - deydi Samvel Babayan. “Terma jamoaga futbolchilar chaqirilayotganida bitta tamoyilga tayaniladi. Bugungi kunda eng kuchli futbolchilargina terma jamoaga jalb etiladi. Bo‘ldi, boshqa tamoyil yo‘q. Qolgan gaplar esa asossiz mish-mishlar!”

Kengashda o‘z hisobotini taqdim etar ekan, Samvel Babayan irodasi kuchli, oldinga intiladigan, mardonavor kurasha oladigan yangi jamoa paydo bo‘layotganidan xursand ekanligini alohida urg‘uladi.

“Eng asosiy masala futbolchilarga terma jamoa o‘yinidagi yangi falsafani ochib berish va jamoani yangi o‘yin modeliga moslashtirishdan iborat edi”, - deydi Babayan. “Birinchi o‘yinda bu ishni uddalash biroz qiyin bo‘lgan bo‘lsa, chunki, to‘liq tarkib bilan faqat ikki kungina shug‘ullangan edik, ikkinchi o‘yinda bu ish osonroq kechdi. Bundan ham muhimi shundaki, ikkinchi o‘yinda har qanday raqib bilan bellashuvga qo‘rqmay kira oladigan, yaxshi futbol o‘ynaydigan va g‘alabaga chanqoq jamoani ko‘rdim. Men uchun aynan shu narsa juda muhim edi. Terma jamoa atrofidagi boshqa gaplarga keladigan bo‘lsak, men bularning umuman asossiz ekanligini aytmoqchiman. Barchani ishontirib aytamanki, terma jamoadagi har bir futbolchi haqiqiy vatanparvar, yurtini sevadigan haqiqiy insondir. Terma jamoadan chaqiruv olishlari bilan ular klub haqida butkul unutadilar. Bunga men kafilman”.

Bahrayn terma jamoasiga qarshi o‘yinga tayyorgarlik 1 oktabrdan boshlanadi. 30 sentabrda chempionat o‘yinlari tugaydi va ertasiga futbolchilar milliy terma jamoa yig‘iniga kiradilar. Toshkentda mashg‘ulot o‘tkaziladi va 6 oktabr kuni charter reysi bilan Manamaga uchib ketiladi.

“Darhaqiqat, O‘zbekistonga qarshi Filippin bilan o‘yindagi Bahrayn o‘ynamaydi. Birinchidan, tarkibda o‘sha o‘yindagiga qaraganda 6 nafar yangi futbolchi paydo bo‘lgan. Ikkinchidan esa, Shimoliy Koreya bilan o‘yinda garchand ular mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalarda, juda yaxshi taassurot qoldirganliklarini aytib o‘tishim kerak. Shunga qaramay, men jamoamga ishonaman va biz Bahrayn bilan o‘yinga optimal formada boramiz”, - deydi Samvel Babayan.

Murabbiylar kengashi Samvel Babayanning hisobotini qabul qildi.

Keyingi rejalar haqida gapirar ekan, milliy terma jamoa bosh murabbiyi jumladan quyidagilarni ta'kidladi:
“Bizning oldimizdagi vazifani ikki bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchisi ustuvor vazifa, bu jahon chempionatiga chiqish. Ikkinchisi amaldagi vazifa, bu hozirgi guruhimizda birinchi o‘rinni egallash. Biz shunday ahvoldamizki, har bir keyingi uchrashuv biz uchun juda muhim. Shu sababli biz har bir o‘yinga final uchrashuvidek munosabatdamiz va unda g‘alaba qozonishni niyat qilganmiz. Buni futbolchilarga tushuntirganmiz. Chunki, oldindagi har bir uchrashuvni yutish orqaligina biz avvaliga amaldagi vazifani, uning ortidan esa ustuvor vazifani bajaramiz”, deb so‘zini yakunladi Babayan.

O‘zbekiston terma jamoalarining har bir natijasi uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi apparatidagi har bir kishi javobgar. Birlashish, bir jamoa bo‘lib oldinga intilish eng avvalo shu yerdan boshlanadi. Terma jamoa atrofida uning taqdiriga befarq bo‘lmagan u mutaxassismi, oddiy ishchimi, ishqiboz yoki jurnalistmi, barcha bir tanu bir jon bo‘lib birlashish davri keldi. Kimdir ko‘z, yana kimdir qo‘l, kim esa oyoq bo‘lib oldinga harakatlanishi va bir jamoa bo‘lib jahon chempionatiga chiqishimiz kerak. Bir so‘z bilan aytganda, futbolchilar, jamoa a'zolari bugun ishqibozlarning, OAVning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj.

Top