16:59 / 20.09.2015
4308

Kaspiyda qozog‘istonlik askarlar halok bo‘lgandan keyin bir necha qo‘mondonlar o‘z lavozimidan chetlatildi

Qozog‘istonning Oqtau garnizonida harbiy xizmatchilarning o‘limi holati bo‘yicha sudgacha tergov olib borilmoqda, deb xabar bermoqda Qozog‘iston bosh harbiy prokuraturasi matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda nur.kz portali.

18 sentabrda Kaspiy dengizi atrofida o‘quv mashg‘ulotlari paytida samolyotlardan dengiz desantlari tashlanganda kuchli shamol va Kaspiy dengizida ko‘tarilgan baland to‘lqin oqibatida to‘rtta BTR-80 mashinasi cho‘kib ketdi. Ulardan ikkitasi qirg‘oqqa o‘zi chiqa olgan, qolgan ikkitasi esa cho‘kib ketgan. Mashinalarda bo‘lgan 4 nafar harbiy ham texnika bilan birga dengizga g‘arq bo‘lgan.

Cho‘kib ketgan harbiylarning yoshi 19 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan.

Oqtau garnizonidagi o‘quv mashg‘ulotlarida Qozog‘iston mudofaa vazirligining 25744 harbiy qismida muddatli xizmatni o‘tayotgan 4 nafar harbiyning o‘limi yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining “Og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatiga mas'uliyatsizlik bilan qarash” moddasi bo‘yicha tergov boshlandi.

Ushbu holat yuzasidan bosh harbiy prokuraturaning maxsus prokurori boshchiligida tezkor-tergov guruhi tashkil etildi.

Ayni paytda favqulodda vaziyatning tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Qozog‘iston mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha 19 sentabr kuni voqea joyiga Qozog‘iston mudofaa vaziri Imangali Tasmagambetov yetib kelgan. U halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan va halok bo‘lganlarning jasadlarini uylariga yetkazish uchun samolyotlar ajratish va moddiy yordam ko‘rsatish vazifasini topshirgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, dengiz desantini tashlash mashg‘ulotini desant-qo‘ndirish vositalarisiz o‘tkazilgan. Bu haqda maxsus yig‘ilishda mudofaa vaziriga mudofaa vazirligi bosh inspeksiyasi boshlig‘i, general-leytenant Qurbon Qorajonov ma'lum qildi.



Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston mudofaa vaziri Imangali Tasmagambetov “G‘arb” hududiy qo‘mondonligi qo‘mondoni polkovnik Murod Nug‘monovni, uning birinchi o‘rinbosari polkovnik Rizot Qo‘lpashevni, jangovor tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosar polkovnik Mergen Qapashevni, dengiz piyoda askarlari brigadasi sardori podpolkovnik Erbulat To‘liqboyevni o‘z lavozimidan chetlatish haqida qaror qabul qildi.

Ularning keyingi javobgarligini tergov tadbdirlari natijalariga ko‘ra sud organi belgilaydi.

Qozog‘iston mudofaa vaziri maxsus komissiyaga xizmat tergovi o‘tkazib, harbiy xizmatchilarning xavfsizligi va hayoti uchun javobgar bo‘lgan aybdor shaxslarni aniqlash vazifasini yukladi.

Top