19 sentabr kuni Suriya hukumat qurolli kuchlari mamlakat shimoli-g'arbidagi Idlib provinsiyasiga o'rnashib olgan “al-Nusra jabhasi” terrorchilik guruhi pozitsiyalariga muvaffaqiyatli tarzda zarbalar berdi.

Al Foa va Kafray aholi punktlari hududida olib borilgan harbiy harakatlar chog'ida Suriya armiyasi bo'linmalari 100dan ziyod jangarilarni yo'q qilishga erishdi.

Livan axborot agentliklaridan birining xabariga ko'ra, terroristlar hukumat qo'shinlarini qurshovga olishga urinish chog'ida yo'q qilingan.

Axborot manbasining ma`lum qilishicha, terroristlar bilan kechgan og'ir janglarda halok bo'lganlarning ko'pchiligi yonidan O'zbekiston va Rossiya fuqaroligi pasportlari chiqqan.

Al Foa va Kafray aholi punktlari 5 oy muqaddam al-Qoida tarafdorlari tomonidan qo'lga kiritilgan bo'lib, ko'plab tinch aholi vakillari terroristlar tomonidan o'ldirib yuborilgan yoki yarador qilingan.

Jangarilar mazkur hududlarga egallab olingan qishloqlardagi yaradorlarga tibbiy yordam ko'rsatish istagidagi xalqaro insonparvar tashkilotlar vakillarining o'tishiga ham ijozat bermagan.

Eslatib o'tamiz, Suriyada qurolli mojarolar boshlangan 2011 yil martidan buyon 240 ming nafardan ziyod tinch aholi vakillari halok bo'ldi. Yana millionlab kishilar o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'ldi.