08:43 / 21.09.2015
2907

Armaniston mustaqilligining 24 yilligi nishonlanmoqda

Bugun, 21 sentabr kuni Armaniston fuqarolari mamlakat mustaqilligining 24 yilligini nishonlaydi. Shu kuni poytaxt Yerevan shahrida bir qator bayram marosimlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Erta tongdan respublika rahbariyati an'anaga muvofiq, "Yerablur" yodgorlik kompleksiga tashrif buyuradi. Kun arman poytaxti markaziy maydoni – Respublika maydonidagi mushakbozlik bilan yakuniga yetadi.
Armaniston mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiya 1990 yil 23 avgustda Armaniston Oliy Kengashi birinchi sessiyasida qabul qilingan edi.

Mazkur hujjat bilan Armaniston Sovet Sotsialistik Respublikasiga barham berilib, Armaniston Respublikasi mustaqilligi e'lon qilindi.
Oliy Kengash qarori bilan 1991 yil 21 sentabr kuni Sobiq Ittifoq tarkibidan chiqish to‘g‘risida referendum o‘tkazilib, mamlakat mustaqilligiga asos solindi; respublikada saylash huquqiga ega fuqarolarning 94,99 foizi mustaqillikni yoqlab ovoz berishdi. Oradan ikki kun o‘tib, Oliy Kengash Armanistonni mustaqil davlat deb e'lon qildi.

O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1995 yilning 27 oktabrida o‘rnatilgan. Ikki mamlakat o‘rtasida ayni paytda ikkita kelishuv va ikkita protokol imzolangan. 2014 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3622,3 ming dollarni tashkil etdi.

Top