16:42 / 21.09.2015
3154

Germaniyalik ikki ayol Kiprdagi aeroportda 13 oydan buyon yashab kelmoqda

Kiprning Lannaki shahri aeroportida so‘nggi 13 oydan buyon germaniyalik ona va bola yashab kelmoqda. in-cyprus portalining xabar berishicha, ayollar Kiprga 2014 yilning 12 avgustida Isroildan uchib kelishgan. Ularni Yaqin Sharq davlati viza muddati o‘tib ketgani sababli deportatsiya qilgan edi.

Ular o‘z yurtlariga qaytish o‘rniga aeroportda yashashni ma'qul ko‘rdi. Ona va bola tunlarini maxsus uyqu qopchiqlarida o‘tkazib, terminal hojatxonalarida yuvinishmoqda.

Aeroport vakiligi Adamos Asprisning aytishicha, ma'muriyat ayollarni Germaniyaga jo‘natib yuborishga tayyor, biroq ularning o‘zlari buni rad etishmoqda. Shuningdek, ular mahalliy politsiya va Germaniya elchixonasi yordamini ham qabul qilishmagan.

Ayollar aeroportni tark etib, vataniga qaytish istagida emasliklari sababini aytishmagan.

Qayd etilishicha, YeI qonunchiligiga ko‘ra, Yevroittifoq fuqarolarini, agarda ular biror qoidabuzarlikni sodir etmasa, a'zo davlatlardan haydab chiqarishga imkon beruvchi birorta ham normativ aktlar yo‘q. Shu bois yaqin kunlarda Larnaki aeroporti rahbariyati Kipr hukumatiga mazkur muammoni hal etishni so‘rab murojaat qilishni rejalashtirgan.

Top