10:40 / 21.09.2015
2089

O‘zbekistonlik tennischi Azizxon Turg‘unov “Ashgabat-cup” musobaqasida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekistonlik tennischi Azizxon Turg‘unov Turkmaniston poytaxti Ashxobodda bo‘lib o‘tgan tennis bo‘yicha 5-xalqaro “Ashgabat-cup” musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 80 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. 

Turg‘unov o‘smirlar o‘rtasidagi yakka bahslar finalida Rossiya vakili Sergey Pogosyanni 6:3, 3:6, 6:2 hisobida uch setda yutdi va musobaqanng oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Turg‘unov juftlik bahslarida musobaqaning yana bitta – kumush medalini qo‘lga kiritdi. U finalda hamyurti Amal Sultanbekov bilan juftlikda Pavel Petrov va Sharobiddin Abzalovdan tashkil topgan qozoq-o‘zbek duetiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Qizlar o‘rtasidagi yakka bahslarda rossiyalik tennischilar Mariya Manilova va Darya Soloveva to‘qnash keldilar va bu yerda Mariya Manilovaning qo‘li baland keldi.

D.Soloveva juftlik bahslari finalida o‘zbekistonlik tennischi Sabina Smirnova bilan birgalikda rossiyalik M.Manilova va A.Yurchenko dueti ustidan g‘alaba qozonib, M.Manilovadan yakka bahslar finalidagi “mag‘lubiyat o‘chini” olishga muvaffaq bo‘ldi.

Top