10:05 / 23.09.2015
2209

Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra O‘zbekiston aholisining 86,5 foizi o‘zining hayotdagi asosiy maqsadiga erishishiga ishonadi

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi fuqarolarning hayotiy qadriyat va maqsadlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

“Ijtimoiy fikr” markazi jamiyatimizda qaror topgan qadriyatlarni chuqur va har tomonlama o‘rganish bugun dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarni teran anglash uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda mamlakatimiz fuqarolarining ma'naviy-axloqiy fazilatlari va qadriyatlarga munosabatini monitoring rejimida o‘rganmoqda va bu qadriyatlarimizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, hamyurtlarimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy, huquqiy madaniyati va ongini aniqlash imkonini bermoqda.

O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘tkazilgan bu galgi so‘rovda turli ijtimoiy guruhlar vakillari, turli millat va dinga mansub kishilar, shahar va qishloq aholisi ishtirok etdi.

Tadqiqot natijalari ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va insonparvarlik g‘oyalari, jumladan, vatanparvarlik, vatanga muhabbat, uning tarixiy va ma'naviy merosidan faxrlanish tuyg‘usi O‘zbekiston fuqarolari uchun muhim o‘rin tutishini, yashash joyi, jinsi, yoshi, millati, ma'lumoti va moddiy ahvolidan qat'i nazar, ularning aksariyati uchun muhim hisoblanishini ko‘rsatdi.

Fuqarolarning ko‘pchiligi hayotda o‘zining muayyan maqsadiga ega bo‘lib, ularga erishishga intilmoqda. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati uchun oila qurish, bilim olish, farzand tarbiyasi, farovonlik va barqarorlik ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Masalan, oliy ma'lumotga ega bo‘lish, o‘zi uchun kerakli kasbni tanlash, o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishga intilish, vatanga xizmat qilish yoshlarning hayotdagi eng muhim maqsadlaridir.

So‘rovda ishtirok etganlarning 86,5 foizi asosiy maqsadiga erishishiga ishonadi va mamlakatimizda buning uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, deb hisoblaydi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnat eng muhim hayotiy mezonlardan biridir. Mamlakatimiz aholisi uchun mehnat faoliyati jamiyatga xizmat qilish, mamlakat va uning fuqarolariga foyda keltirish imkoniyatidir. So‘nggi yillarda o‘z ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilayotgan fuqarolar ko‘paymoqda, ular uchun qiziqarli ish bilan shug‘ullanish kasb tanlashda muhim omil hisoblanadi. Bu ko‘proq yoshlar orasida namoyon bo‘lmoqda.

Fuqarolarning o‘z bilimi va kasb malakasini oshirishga intilishi aholining hayotiy maqsadlari tizimida muhim o‘rin tutadi. Istiqlol yillarida ushbu tendensiya yanada kuchaymoqda.

Ijtimoiy so‘rov davomida ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar muhim ahamiyatga ega ekani ayon bo‘ldi. Masalan, mustaqillik yillarida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda ularga rioya etishni kafolatlaydigan barcha sharoit yaratilgani aksariyat fuqarolar uchun alohida ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rov qatnashchilarining 92,9 foizi o‘zini to‘liq huquqiy himoyalangan, deb biladi.

Muxtasar aytganda, mazkur ijtimoiy tadqiqot O‘zbekiston aholisi demokratik qadriyat va oliy maqsadlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashidan dalolat beradi. Ularning aksariyati Prezidentimizning demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lida olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Ularning fikricha, mamlakatimiz kelajagi va farovonligini ta'minlashga qaratilgan vazifalarni hal etish uchun har birimiz mas'ulmiz.

Top