22:20 / 23.09.2015
4510

Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati elektr energiya bilan barqaror ravishda ta'minlanadi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy elektr energiya tizimini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 150 mln dollarlik kredit ajratishni ma'qulladi. Loyihada Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida 364 kmlik elektr uzatish liniyasi va uchta podstansiya qurilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismi sanoatga yirik investitsiyalarni jalb qilish va elektr energiyaga talabning oshishini qondirish uchun elektr energiyaning ishonchli yetkazilishiga katta ehtiyoj sezadi. Kredit elektr energiya uzatish tarmog‘ining o‘tkazish qobiliyati va ishonchliligini oshirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va energiya samaradorlikni oshirishga yordam beradi.

OTBning moliyalashtirishi mintaqada Tahyatosh issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm va Ellikqal'a podstaniyalarini bog‘lovchi 364 kmlik bir konturli 220 kVli elektr energiya uzatish havo liniyalarini qurish hisobiga elektr energiya uzatish tarmog‘ini mustahkamlashga imkon beradi.

Ushbu loyihaga OTB mablag‘laridan tashqari O‘zbekiston hukumati va “O‘zbekenergo” kompaniyasi 105 mln dollar ajratadi. Loyiha qariyb 4 yil davomida amalda bo‘ladi va 2019 yilning oxirida yakunlanadi.

Top