14:43 / 24.09.2015
5437

O‘zbekistondan haj safariga chiqqan ziyoratchilar Arofat sari yo‘l oldilar

23 sentabr kuni O‘zbekistondan haj safariga chiqqan ziyoratchilarimiz Mino vodiysidagi qarorgohda bomdod namozini o‘qib, Arofat sari yo‘l oldilar. Kun chiqqunga qadar yurtdoshlarimiz Arofatda ishchi guruh tomonidan hozirlab qo‘yilgan chodirli qarorgohga joylashdilar.Ziyoratchilarimiz duolar ijobat bo‘ladigan ushbu muqaddas makonda tavba-tazarru, ibodat hamda o‘zlarining eng ezgu orzularini amalga oshishini Allohdan so‘rab duo qilish bilan mashg‘ul bo‘lmoqdalar. Respublikamizdan ishchi guruh va ellikboshilar tarkibida kelgan yetuk ulamo va qorilarning ma'ruzalari va Qur'on oyatlarining qiroatlari maroq bilan tinglanmoqda.
Guruh rahbarlari tomonidan yurtdoshlarimizga haj amallarining sha'riy jihatdan mukammal bajarish yuzasidan zarur tushunchalar berib borilmoqda. Shifokorlar guruhi a'zolari hamyurtlarimizning sog‘liqlarini doimiy nazoratga olganlar.
Ziyoratchilar issiq kunda qiynalib qolmasliklari uchun choy, chanqovbosti sharbat va qatiqlar uzluksiz tarqatib borilmoqda. Oshpazlarimiz tomonidan shirin qilib tayyorlanayotgan milliy taomlar hamyurtlarimizning tahsiniga sazovor bo‘lmoqda.
Yurtdoshlarimiz o‘z duolarida mamlakatimizga tinchlik va barqarorlik, mehnatkash halqimizga farovonlik, ayniqsa, ushbu kunlarda paxta terimi bilan mashg‘ul dehqonlarimizning hosiliga barokat, davlatimizga yanada yuksalish, mamlakatimizning istiqloli va bugungi kundagi ravnaqini ta'minlab kelayotgan muhtaram Prezidentimizga sihat-salomatlik tilab, duolar qilmoqdalar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati / religions.uz

Top