20:44 / 24.09.2015
47346

Umr so‘ngida afsus keltiruvchi 5 xato

Avstraliyalik hamshira Bronni Ueyr uzoq yillar davomida hayotining oxirgi 12 haftasini kechirayotgan umidsiz bemorlarga qaragan. U bemorlarning o‘tgan umri davomida nimalardan afsus chekishganini yozib borgan va Inspiration and Chai blogida chop etgan.

O‘zgalarning xatosidan xulosa chiqarish ularning xatosini takrorlamaslik deganidir. Quyida keltirilayotgan xatolarni takrorlamaslik hammaning qo‘lidan keladi, deb o‘ylaymiz.

1. Boshqalar xohlaganidek emas, o‘zim xohlagandek umr kechirgan bo‘lardim

Siz qanday yashashni o‘zingiz tanlaysizmi yoki boshqalar qanday yashashingizni ko‘rsatib berishadimi? Aksariyat kishilar boshqalarning ko‘ngliga qarab hayot kechirishadi. Barcha jabhalarda yaqinlari yoki omma ma'qullagan narsani tanlashadi.

Hattoki o‘z hayotiga taalluqli masalalarda ham boshqalar bu haqda nima deb o‘ylashlariga qarab qaror qabul qilishadi. 

Oqibatda ular hamma kutganidek yashashadi. Hayotining aksariyat qismi o‘zi istagandek emas, boshqalar istagandek o‘tadi. 

Nima qilish kerak?

O‘zingizga ishoning. Agar o‘zingiz istagandek yashamoqchi bo‘lsangiz, o‘zgalarning tanqidiga uchraysiz. Ularning tanqid va maslahatlariga xotirjam quloq soling, mabodo ularning fikri siznikiga mos tushmasa e'tibor qaratib o‘tirmang.

Ularning o‘z fikrlarini aytish huquqi bo‘lganidek, sizning ham ularning fikrini e'tiborga olmaslikka haqqingiz bor.

Siz boshqalar uchun emas, o‘zingiz uchun yashayapsiz.

2. Bunchalik ko‘p ishlamagan bo‘lardim

Hozir odamlar ilgarigi kishilardan ham ko‘proq mehnat qilishmoqda. 

Ota-onalar farzandlarini bobo-buvilarga yoki enagalarga topshirib ishlashmoqda. Odamlarning o‘zaro munosabatlar va boshqa shaxsiy ishlarga vaqtlari yo‘q, ish doim birinchi o‘rinda.

To‘g‘ri, ishlamasak tishlamaymiz, lekin ayrimlar uchun ish barcha narsadan ustivor o‘ringa chiqib qolgan. 

Nima qilish kerak?

Biror narsa bilan shug‘ullanish uchun vaqt topa olmaslik mumkin emas. Hamma gap nimani birinchi o‘ringa qo‘yish va vaqtni qanday taqsimlashda.

Agar oilaviy munosabatlarga vaqtingiz bo‘lmasa, demak u siz uchun muhim ahamiyat kasb etmaydi. Agar to‘yingiz bo‘lib o‘tgan kunni nishonlashga vaqt topa olmasangiz yoki sevimli insoningizga vaqt ajratmasangiz, demak siz uchun ulardan ko‘ra ish muhimroq. 

Agar sport bilan shug‘ullanmasangiz, demak jismoniy holatingiz siz uchun oxirgi o‘rinda.

Har bir insonning ixtiyorida bir xil – 24 soat vaqt bor. Bill Geytsda ham, Uorren Baffettda ham, Serena Uilyamsda ham bir sutkada 24 soat vaqt bor. 

Faqat kimdir hech narsaga ulgura olmayotganidan, vaqti yetishmayotganligidan nolib yashasa, yana kimdir har bir daqiqadan unumli foydalanadi.

Vaqtingizni nimalarga sarflashingizni o‘zingiz tanlang.

Hayotda siz uchun nima qadrli? Vaqtingizni ahamiyatli narsalarga sarflaysizmi?  

3. O‘z his-tuyg‘ularimni aytish uchun kuch topa olardim

Dunyoda tanho insonlar ham topiladi. Ular ko‘rkam, ma'lumotli, ajoyib suhbatdosh, lekin boshqalar bilan tanishish va tuyg‘ularini oshkor etishga uquvlari yo‘q. Ular yangi tanishlar orttirish va o‘z munosabatlar doirasini kengaytirish imkoniyatini tez-tez qo‘ldan chiqarishadi.

O‘z qobig‘idan chiqmaslik uchun ular boshqalar bilan tanishmaslik, o‘z tuyg‘ularini oshkor qilmaslik maqsadida minglab bahonayu sabablar topishadi.

Nima qilish kerak?

Qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar haqida afsus chekkandan ko‘ra amalga oshirilgan ishdan afsus qilgan yaxshi. 

Birinchidan, tuyg‘usini oshkor etgan kishi darhol yengil tortadi, ikkinchidan, tuyg‘usini ayta olgan inson bilan munosabati qay tarzda bo‘lishini aniq biladi va turli taxminu xayollar bilan qiynalmaydi. Hattoki rad javobini olganida ham o‘sha inson haqida o‘ylashdan va bir umr “Agar aytsam nima bo‘lardi?”, degan savolga javob izlashdan qutuladi.

O‘z tuyg‘ularini oshkor qilgan inson bilan nima yuz berishi mumkin? Nari borsa, unga rad javobini berishlari mumkin, harqalay osmon uzilib yerga tushmaydi.

Agarda u inson ham befarq bo‘lmasa, u holda bir umr afsus chekish o‘rniga hayotdan mamnun yashash imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

4. Do‘stlarimni yo‘qotmagan bo‘lardim

Mansab, sevgi, pul, shaxsiy ishlar uchun ko‘pincha do‘stlikdan voz kechiladi. Nima uchun? Chunki bizga do‘stlik abadiydek, har qanday holatda ham u saqlanib qoladigandek tuyuladi. Shuning uchun ishni deb do‘stlar bilan uchrashuvdan voz kechamiz, yana boshqa muhim ishlarni deb do‘stlar bilan diydorlashuvni inkor qilamiz. Keyin esa do‘stlarimizdan ayrilganimiz uchun afsus chekamiz.

Nima qilish kerak?

Do‘stlaringiz sizni uchrashuvga taklif qilishlarini kutmasdan o‘zingiz ularni uchrashuvga taklif qiling. Balki ular sizdan birinchi qadamni tashlashingizni kutishayotgandir.

Agarda ular taklifingizga ko‘nishmasa, ulardan uzoqlashib ketganingiz uchun afsus chekmaysiz. Chunki siz do‘stlikni saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lasiz. 

5. Yanada baxtliroq yashashim mumkin edi

Ko‘pchilik insonlar bu hayotda o‘z o‘rnini topmaganlari uchun emas, baxtli bo‘lish uchun nimalarga erishishlari mumkinligi haqidagi tasavvurlari bois o‘zlarini baxtsiz his etadilar.

Ayni paytda ularning aksariyati yaxshi sharoitda yashashadi, ish-joylari tayin, puli yetarli, oilasi to‘kis bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, ular o‘zlarini baxtsiz hisoblashadi. Nega shunday bo‘ladi? Chunki baxt moddiyat bilan o‘lchanmaydi, baxt hissi insonning qarashlaridan kelib chiqadi.

Nima qilish kerak?

Baxt bu har bir insonning o‘z tanlovi ekanligini tushuning. Ko‘pchilik kishilar baxt qandaydir omillarga bog‘liq, deb hisoblashadi. Ular o‘zlarini nimagadir, qandaydir ehtiyojlarini qondirishga erishishsa baxtli bo‘lishlari mumkin, deb o‘ylashadi. 

Lekin baxt bir nimalarga erishish orqali yoki ular bilan birga kelmaydi. Baxt bu siz hozir his qilayotgan narsa. Agar istasangiz, hozirning o‘zidayoq baxtli bo‘lishingiz mumkin. Faqat gap shundaki, siz baxtli bo‘lishni istaysizmi?

Bular deyarli har bir inson o‘z hayotida sodir etishi mumkin bo‘lgan xatolardir. Siz bu borada qanday fikrdasiz? Hayotingizda biror ishni qilganingiz yoki qilmaganingiz uchun afsus-nadomat chekmaysizmi?

Top