18:09 / 25.09.2015
2642

Airbus yonayotgan dvigatel bilan Bali aeroportiga qo‘ndi

Avstraliyaning Perta shahridan Gongkongga parvoz qilayotgan Cathay Pacific aviakompaniyasiga tegishli A330 samolyoti dvigatellardan birida yuzaga kelgan yong‘in sababli 25 sentabr kuni Indoneziyaning Bali orolida joylashgan Denpasar xalqaro aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.

Bu haqda Gongkongning Cathay Pacific aviakompaniyasiga asoslanib RIA “Novosti” agentligi xabar tarqatdi.
Hodisa vaqtida samolyot bortida 251 yo‘lovchi bo‘lgan.
“Dvigatel nosoz bo‘lgani sababli favqulodda qo‘nishni amalga oshirish zaruriyati tug‘ildi. Samolyot Denpasar aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ndirildi”, - deya 9News telekanali aviakompaniya xabaridan iqtibos keltirdi.

Uchish-qo‘nish yo‘lagida samolyotni yong‘in xavfsizligi jamoasi kutib oldi. Yo‘lovchilar va ekipaj a'zolaridan hech kim jarohatlanmagan.
Aviakompaniya hodisa sabablarini o‘rganmoqda.

Top