07:17 / 25.09.2015
2770

Anqara kurdlarni qoralash evaziga “IShID”ga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlaydi

Turkiya “IShID” terrorchilik guruhiga qarshi kurashda muhim rol o‘ynashga tayyor, biroq u o‘zining kurd isyonchilariga qarshi kurashi tushunilishini kutib qolmoqda. Bu haqda Anqaradagi yuqori lavozimli manbaga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.  

“Turkiya o‘zining tajribasi bilan g‘arb yetakchilari bilan bo‘lishadi. U Yaqin Sharqning terrorchilik eksportchisiga aylanishining oldini olish uchun qo‘llab-quvvatlashni kutmoqda”, deb aytdi manba.

Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu bu haqda BMT Bosh assambleyasi sammitida bayonot bilan chiqishi kerak. Dovudo‘g‘lu o‘z nutqi davomida “ba'zi davlatlar va tashkilotlarni” mintaqadagi barqarorlikni saqlab qolish uchun “Kurdiston ishchi partiyasi va boshqa guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi kerakligini” aytishi kutilmoqda.     

AQSh Kurdiston ishchi partiyasini terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi, biroq shu bilan birga Suriyadagi kurd isyonchilari terrorchilikka qarshi kurashda Vashingtonning muhim ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.

Kurdiston ishchi partiyasi va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar 20 iyulda yuz bergan Suruchdagi teraktdan keyin keskinlashib ketdi. Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari Turkiya hukumatini “IShID” jangarilariga ko‘mak berishda ayblab keladilar.  

Top