10:24 / 25.09.2015
1935

BMT Ispaniyani nochorlik chegarasida yashovchi fuqarolar sonini ikki martaga kamaytirishga chaqirdi

Ispaniya hukumati BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishi uchun 2030 yilga qadar mamlakatda nochorlik chegarasida yashovchi odamlarning sonini 60 foizga qisqartirishi kerak.

Bu haqda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ko‘magida Ispaniyaning nohukumat tashkiloti Oxfam Intermon tomonidan tayyorlangan va chop etilgan hisobotida aytilmoqda.

Hisobotda qirollik 2016-2030 yillar davomida amalga oshirishi kerak bo‘lgan 17 ta yangi maqsad belgilangan. Ular orasida nochorlik va ocharchilikni bartaraf etish, hammabop ta'limni ta'minlash, tengsizlik darajasini kamaytirish kabi vazifalar bor.

Hisobotda 2014 yilda aholisi 46 mln kishini tashkil qiluvchi Ispaniyaning 29,2 foiz fuqarosi nochorlik chegarasida yashagani, ulardan uchdan birini 18 yoshga yetmaganlar tashkil qilgani ko‘rsatilgan. 2030 yilga qadar qirollik bu ko‘rsatkich 5 mln kishidan ko‘p bo‘lmagan darajaga erishishi kerak. Bu maqsadlarga erishish uchun YUNISEF Ispaniyaga birinchi ehtiyojdagi mahsulotlarni sotib olish uchun kafolatlangan minimal daromad tizimini ishlab chiqishni taklif qildi.

YUNISEFning Ispaniyadagi qo‘mitasi ijrochi direktori Xaver Martos bolalar o‘rtasida nochorlik darajasini kamaytirishning zarurligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, “bu nafaqat ularning farovonligi va huquqlarining bajarilishini ta'minlash nuqtai nazaridan, balki umuman ularning kelajagini ta'minlash uchun muhimdir”. Hisobotga ko‘ra, 2030 yilga qadar Ispaniyada nochor bolalar soni 1,1 mln dan oshmasligi kerak.

Top