09:57 / 25.09.2015
4287

Eronda haj paytida tiqilinch oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik motam e'lon qilindi

Eron Islom Respublikasi oliy rahbari Oyatulloh Ali Homayniy Saudiya Arabistonida haj paytida tiqilinch paytida halok bo‘lganlar xotirasini yod etib, uch kunlik motam e'lon qildi. Bu haqda Eronning IRNA agentligi ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, tiqilinch paytida halok bo‘lganlar orasida 131 nafar eronlik ham bo‘lgan.

“Halok bo‘lgan ziyoratchilarning oilalariga hamdardlik bildiraman va mamlakatda ularning xotirasiga uch kunlik motam e'lon qilaman”, deb aytdi Homayniy.

“Saudiya Arabistoni hukumati ushbu fojia uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozim. Chunki mas'uliyatsizlik va noto‘g‘ri harakatlar ushbu fojiaga sabab bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Homayniy.

Eslatib o‘tamiz, 24 sentabrda, Qurbon hayitining birinchi kuni hajning asosiy amallaridan biri – Rami al-jamarot – “shaytonga tosh otish” amali bajarishga ketayotgan ziyoratchilar orasida ikki yo‘l tutashadigan joyda tiqilinch yuzaga kelgan. Buning oqibatida 717 nafar ziyoratchi halok bo‘lgan, 900 ga yaqini jarohat olgan. Jabrlanganlarga Saudiya Arabistoni fuqarolik mudofaasining 4 mingdan ziyodroq xodimi va yuzlab ko‘ngillilar yordam ko‘rsatgan.

Top