10:33 / 25.09.2015
5286

Samarqandda taksi haydovchilariga maxsus xizmat liboslari tarqatildi

Samarqand shahri aholisi va mehmonlarining yo‘lovchi transportlaridan xavfsiz foydalanishini ta'minlash, shuningdek, sohada xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish maqsadida viloyat prokuraturasi tomonidan bir qator tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, “O‘zavtodaryotrans” agentligi viloyat bo‘limi, iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyati va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan reydlar natijasida qator qonun buzilishlari aniqlandi.

Jumladan, 330 nafar haydovchining ortiqcha yo‘lovchi tashigani, litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatgani yoki litsenziya talablariga rioya qilmagani aniqlandi. Hisob terminallari va nazorat- kassa texnikalarisiz 348, taksometrsiz 62, radioaloqasiz 42, haydovchi sug‘urtasisiz 84 nafar taksichi faoliyat olib borgani oshkor bo‘ldi, 4 haydovchi esa alkogol mahsulotlari ta'sirida avtomobil boshqargan. Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Shuningdek, mazkur tadbirlar davomida haydovchilarga yo‘lovchilar bilan muloqotda odob-axloq qoidalariga rioya qilish, tashqi ko‘rinishini ozoda tutish, boshqaruvidagi avtomobilning nosoz va antisanitariya holatida bo‘lmasligini ta'minlash borasida tushuntirishlar olib borildi.
“8 Mart” MChJ tikuv fabrikasida avtobus va taksi haydovchilari uchun maxsus xizmat libosi tayyorlanib, tarqatildi.

Top