23:49 / 26.09.2015
3254

“Barselona” Suaresning dubli evaziga “Las-Palmas”ni yutdi, “Real” “Malaga”ni yuta olmadi

“Barselona” hujumchisi Luis Suares dubli evaziga Ispaniya Primerasining 6-turida “Las-Palmas”ga qarshi uchrashuvda o‘z jamoasiga g‘alaba olib keldi. Neymar 11 metrlik jarima to‘pini amalga oshira olmadi. “Kamp Nou”da o‘tgan uchrashuv 2:1 hisobi bilan yakunlandi.

Uchrashuvning 10-daqiqasida Lionel Messi jarohat olgani tufayli almashtirildi. 1-bo‘limning o‘rtasida Suares hisobni ochdi. Urugvaylik superyulduz 54-daqiqada dublga erishib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. 66-daqiqada Neymar penaltini amalga oshira olmadi. Uchrashuning asosiy vaqti tugashiga 2 daqiqa qolganda mehmonlar o‘yinchisi Xonatan Viyera kataloniyaliklar darvozasiga bitta javob to‘pini kirita oldi.

Ayni paytda “Barsa” 15 ochko to‘plab, musobaqa jadvalida 1-o‘rinni egallamoqda, “Las-Palmas” esa 5 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda.

Ispaniya Primerasi. 6-tur
Barselona (Barselona) – Las-Palmas (Las-Palmas-de-Gran-Kanariya) – 2:1
Gollar: Suares, 25 (1:0); Suares, 54 (2:0); Viyera, 88 (2:1).
Amalga oshirilmagan penalti: Neymar, 66 (Barselona)

Primeraning yana bir yetakchisi Madridning “Real” klubi o‘z maydonida ko‘pchilik bo‘lib harakat qilib “Malaga”ni yuta olmadi. “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tgan uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi. “Anchouslar” chempionatda hali birorta g‘alabaga erisha olmadilar.

“Real” uchrashuvni bir o‘yinchiga ko‘proq yakunladi: 77-daqiqada “Malaga” o‘yinchisi Nordin Amrabat qizil kartochka olib, maydondan chetlashtirildi.

Ayni paytda “Real” musobaqa jadvalida 14 ochko bilan 2-o‘rinni, “Malaga” esa 3 ochko bilan 15-o‘rinni egallamoqda.

Real Madrid (Madrid) – Malaga (Malaga) – 0:0
Chetlatish: Amrabat, 77 (Malaga).

Top