15:47 / 26.09.2015
6979

O‘zbekiston TIV rahbari BMT homiyligida Orol dengizi va Orolbo‘yi uchun maxsus Trast fondi tuzishni taklif qildi

25 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasida chiqish qildi.

Vazirning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston BMT barqaror rivojlanish dasturida birinchi navbatda Orol muammosi hisobga olinishini qo‘llab-quvvatlaydi.

BMTning 68-sessiyasida Orolning qurishi bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish borasida qabul qilingan dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish va bu borada zarur moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta'kidlangandi.

Abdulaziz Komilov 70-sessiyada Orol muammosiga butun dunyo e'tiborini qaratdi va bu hududdan uchgan zaharli moddalar Antarktida qirg‘oqlari, Grenlandiya muzlari, Norvegiya o‘rmonlari hamda dunyoning boshqa turli chekkalarigacha yetib borganini eslatib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Orol fojiasi 65 mln kishi yashaydigan Markaziy Osiyo uchun jiddiy ta'sir ko‘rsatadi".

O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida BMT homiyligida Orol dengizi va Orolbo‘yi uchun maxsus Trast fondi tuzishni taklif qildi.

"Sayyora miqyosidagi muammoga aylangan Orol dengizi hududidagi mavjud muammoni hal qilish maqsadida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirish va moliyaviy loyihalarni qo‘llash zarur. Shu maqsadda BMT homiyligida Orol dengizi va Orolbo‘yi uchun maxsus Trast fondi tuzishni taklif qilaman", deydi vazir.

U bu fondning asosiy maqsadi Orolbo‘yidagi ekologik muvozanatni saqlash, hudud aholisining ichimlik suvi bilan ta'minlanishi, aholi salomatligi va farovonligini himoya qilish borasidagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘lishini aytdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mintaqadagi millionlab insonlar hayotiga xavf soluvchi Amudaryo va Sirdaryo oqimlarida turli yirik GESlar qurilishiga oid loyihalarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymasligi aytib o‘tildi.

Top