07:44 / 26.09.2015
6997

Tojikiston bosh prokuraturasi: isyonchi general tarafdorlari xorijdan moliyalashtirilgan

Tojikistondagi isyonchi general Abduhalim Nazarzoda boshchiligidagi terrorchilik guruhi tarafdorlari xorijdan moliyalashtirilgan, deb ma'lum qildi Tojikiston davlat televideniyesi.

Tojikiston bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, tergov natijalariga ko‘ra, general tarafdorlari xorijdan moliyalashtirilgani isbot qilindi. 

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Nazarzoda mamlakatda umumiy soni 300 kishiga yaqinni tashkil qilgan 10 tadan 30 tagacha hukumatga qarshi guruh tashkil qilgan. Bu guruhlarga, shuningdek, mudofaa vazirligining ba'zi zobitlari ham kirgan.

Nazarzoda guruhi Tojikistonda bir nechta qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirgandan keyin 4 sentabr ertalab katta miqdordagi qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan Dushanbedan 60 km uzoqlikda joylashgan Romit darasiga berkinib olgan.  

Guruhga qarshi shu kunning o‘zidayoq boshlangan operatsiya 16 sentabrda yakunlandi. Operatsiya davomida 139 nafar jangari va ularning sheriklari qo‘lga olindi, 28 nafari yo‘q qilindi. Huquq-tartibot muassasalarining 14 nafar xodimi halok bo‘ldi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qurolli kuchlar vakillari bilan uchrashganda “terrorchilarning yo‘lini to‘sib, mamlakatda barqarorsizlikka yo‘l bermagan” aksilterrorchilik operatsiyasi ishtirokchilarining qahramonligi va jasurligini qayd qilib o‘tdi.

Top