08:56 / 27.09.2015
7327

Dengiz toshbaqasini minib olgan qiz 5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

AQShning Florida shtatida joylashgan Melborn shahridagi plyajda dengiz toshbaqasini minib sayr qilgan 20 yoshli qiz hibsga olindi, deb yozmoqda The Daily Mail nashri.

Stefani Mari Mur ismli bu qiz tungi payt plyajda toshbaqani minib olgan holda suratga tushgan ikki qizdan biri bo‘lgan. Snapchat’da chop etilgan bu surat feysbuk va tvitterda tez tarqalib ketdi va politsiya hayvonlarni muhofaza qilish guruhlari bilan birga ushbu voqeani tergov qilishni boshladi.

Birmuncha vaqtdan keyin qo‘shnilarining shovqinidan shikoyat qilingan uyga borgan politsiyachi Murni tanib qoldi va uni hibsga oldi.

Ayni paytda u 2 ming dollar tovon puli evaziga qamoqxonada ushlab turilibdi. Qizni Floridada hayvonlar bilan berahm munosabatda bo‘lganlik uchun jiddiy jazo kutmoqda.

Ko‘pgina holatlarda, jumladan ushbu holatdagi kabi, hayvonlarga keraksiz aziyat va og‘riqlar berish og‘ir jinoyat hisoblanadi.

Agar Mur aybdor deb topilsa, u 5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi va 10 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Dengiz toshbaqalari yo‘qolib ketayotgan tur hisoblangani uchun federal hamda shtat darajasida himoya qilinadi.

Top