09:47 / 27.09.2015
4561

OAV: Suriya va Iroqqa 2011 yildan buyon 30 mingdan oshiq xorijlik IShID safiga qo‘shilish uchun kelgan

Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan Iroq va Suriya hududidagi IShID safida janglarda qatnashish uchun kelayotgan xorijliklarning miqdori o‘sishda davom etmoqda. Keyingi 4 yil davomida bu davlatlarga xorijdan 30 ming atrofidagi kishi jangarilar safiga qo‘shilish uchun kelgan. Bu haqda AQShdagi The New York Times nashrida yozilgan.

Nashr tadqiqotchilarining ma'lumotlariga ko‘ra, 2011 yildan buyon Suriya va Iroqdagi harbiy harakatlarda ishtirok etish maqsadida dunyoning 100dan ortiq mamlakatidan deyarli 30 ming kishi kelgan.

"1 yil oldin bu hududlarga dunyoning 80ga yaqin davlatidan 15 ming atrofidagi kishi jangarilar safiga qo‘shilish uchun kelgani ma'lum bo‘lgandi. Ko‘rsatkichlar o‘sib bormoqda", deyiladi xabarda.

Nashrning tavsiya qilishicha, bunday kishilar oqimining kamayishi uchun Iroq va Suriyaga kirish yo‘llarida nazoratni qat'yilashtirish kerak.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtga kelib, Suriya va Iroq hududida o‘ldirilgan amerikaliklar soni 250 nafarni tashkil etmoqda. Bir yil oldin bu miqdor 100 nafarga teng edi.

Ma'lumot uchun, bu hududlardagi jangarilar 2013-14 yillarda faoliyatini kengaytirdi va IShID nomli katta tashkilot tuzishdi. 2014 yilning iyunida tashkilot o‘z tasarrufidagi hududlarda xalifalik e'lon qildi.

MRB ma'lumotlariga ko‘ra, IShID safida Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Marokash, Saudiya Arabistoni, Kanada, Rossiya va MDHning bir qator davlatlaridan kelgan jangarilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Top