18:53 / 27.09.2015
2414

Turkiya qirg‘oqlari yaqinida 17 nafar muhojir cho‘kib ketdi

Turkiyadan Gretsiyaga qayiq orqali o‘tib olishga harakat qilgan 17 nafar muhojir halokatga uchrab, Bodrum yaqinidagi suvlarga cho‘kib ketdi.

Turkiyadagi nashrlarda yozilishicha, halok bo‘lganlar suriyalik va ular orasida 5 nafar ayol hamda bir bola bor edi.

Dogan axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu qayiqda jami 37 kishi bo‘lgan va ulardan 20 nafari maxsus qutqaruv jiletlari evaziga omon qolgan.

Taxmin qilinishicha, bu qayiq Gumqishloq punkti yaqinidan yo‘lga chiqqandi. Aynan shu joyda sentabr oyi boshida ham halokat yuz bergan va bu halokat natijasida qirg‘oqqa 3 yoshli Alan Kurdining jasadi chiqib qolishi butun dunyo e'tiborini o‘ziga qaratgandi.

Xalqaro migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning boshidan buyon Turkiyadan Egey dengizi orqali 300 ming nafarga yaqin muhojir Gretsiyaga o‘tgan.

Top