10:25 / 28.09.2015
4679

Eron prezidenti Minodagi fojia tufayli BMT Bosh Assambleyasini muddatidan oldin tark etdi

Eron prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasidagi ishtirokini to‘xtatdi va vataniga jo‘nab ketdi.

U Tehronga Saudiya Arabistonida haj ziyoratini ado etish vaqtida yuz bergan fojia tufayli halok bo‘lgan eronliklarning jasadlari qabul qilib olish marosimida ishtirok etish uchun qaytgan.

"Prezident Ruhoniy BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilishi belgilangan bir qator uchrashuvlarini bekor qildi va Nyu-Yorkni tark etib, Tehronga jo‘nab ketdi", deyiladi IRNA agentliga xabarida.

Eslatib o‘tamiz, fojia 24 sentabr kuni erta tongda Makka yaqinidagi Mino vodiysida sodir bo‘ldi. Ikkita ulkan odamlar oqimi chodirlar shaharchasidan shaytonga tosh otish amali bajariladigan hududga eltadigan yo‘ldagi chorrahada to‘qnash kelib qolgan. Ko‘chalar kesishmasida ulkan tiqilinch vujudga kelib, natijada 769 kishi halok bo‘ldi, 934 ziyoratchi jarohatlandi.

Eron tomoni bu fojianing oldini ololmagani uchun Saudiya Arabistoni hukumatini ayblamoqda.

Saudiya Arabistoni esa bu tiqilinchga sabab sifatida afrikalik ziyoratchilarning qoidalarga amal qilmasdan harakatlanganini keltirib o‘tgan.

Bundan avvalroq 24 sentabr kuni Makka shahrida yuz bergan fojia oqibatida 169 nafar eronlik vafot etgani xabar qilingan edi.

Bugun Eron poytaxti Tehron shahrida namoyishga chiqqan yuzlab norozi olomon Makka yaqinidagi Mino vodiysida ro‘y bergan fojyea munosabati bilan Saudiya Arabistoni elchixonasiga pomidorlar uloqtirishdi.

Top