16:02 / 28.09.2015
2861

Qozog‘istonda IShID haqidagi videorolik o‘chirib tashlansa, Vimeo.com videoportali blokdan chiqariladi

Qozog‘istonda vimeo.com videoportaliga blok qo‘yilgan. Agar xosting IShID jangarilvar guruhini targ‘ib qiluvchi videoroliklarni o‘chirib tashlasa, sayt yana qayta blokdan chiqariladi, deb yozadi «Novosti-Kazaxstan» axborot agentligi.

Manbaning yozishicha, bu haqda Investitsiyalar va taraqqiyot vazirligining aloqa va axborotlashtirish bo‘yicha vakili Mixail Komissarov bayonot bergan.

Komissarovning ma'lum qilishicha, mazkur videoportalda terrorizm va ekstremizmni va shuningdek aynan IShID guruhining g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan videoroliklar joylashtirilgan. 7 sentabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud qaroriga binoan portal Qozog‘iston hududida bloklab qo‘yilgandi.

Mansabdorning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Vimeo.com bilan mamlakatning tegishli vakillik idoralari o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda va tez orada yuqoridagi kabi roliklar saytdan o‘chirib tashlanadi. Shundan so‘ng portalning Qozog‘istondagi faoliyati davom ettiriladi.

Top