11:25 / 29.09.2015
5411

NASA olimlari Marsda suyuq holdagi suv topishdi

Amerikalik tadqiqotchi olimlar Mars sayyorasida suyuq holatdagi suv borligini aniqlashdi. Bu haqida NASA olimlari 28 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilishdi.

Nature Geoscience jurnalida nashr qilingan maqolada aytilishicha, olimlar Mars sayyorasining yuza qismi olingan suratlarni o‘rganish vaqtida u yerdagi kraterlarda harakatlanayotgan suv oqimiga duch kelishgan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu oqimlar yoz faslida yanada kengayib, qish vaqtida qisqaradi. Suratlar Mars Reconnaissance Orbiter sayyoralararo stansiyasi yordamida olingan. Ushbu stansiyada Compact Reconnaissance Imaging Spectrometer for Mars (CRISM) qurilmasi va High Resolution Imaging Science Experiment (HiRISE) kamerasi o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, olimlar Marsdagi suv tarkibida tuz elementlari borligini ham aniqlashgan.

Shunday bo‘lsa-da, olimlar Marsda suv qayerdan paydo bo‘lishi borasida aniq gap ayta olishmagan.

Taxmin qilinishicha, bu suv Mars qa'ridagi muzliklardan paydo bo‘ladi yoki atmosferada hosil bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, ushbu sayyorada obi hayotning borligi haqida so‘nggi yillarda juda ko‘p marta fikrlar, ma'lumotlar berib kelinadi.

Biroz oldinroq, Marsda yashab qolish loyihasiga start berilgani haqida xabar qilingandi.

Top