21:31 / 29.09.2015
7751

Navoiy mashinasozlik zavodi fermerlar uchun uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Navoiy mashinasozlik zavodi “Livadiya – Buxoro” xususiy korxonasi bilan birgalikda meva-sabzavotchilik mahsulotlarini qayta ishlash uchun mo‘ljallangan qurilmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Dastlabki 14 turdagi qurilma – Germaniyaning “Kronen” kompaniyasi texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqarilgan olma va noklarni kesish, sabzavotlarni tozalash, sabzavot va mevalarni kesish mashinalari 29 sentabrda O‘zekspomarkazda ochilgan yubiley “Foodweek/Agritex Uzbekistan 2015” XX oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasida namoyish qilindi.

Navoiy mashinasozlik zavodi ixtisoslashgan konstruktorlik byurosi dastgohsozlik texnologik bo‘limi yetakchi muhandisi Normurod Ortiqovning aytishicha, ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar orasida sabzini somoncha qilib kesish uchun mo‘ljallangan sabzavot kesgich katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazma davomida talabgir qurilmalar monitoringi o‘tkaziladi va sinovlardan keyin ular seriyali tarzda ishlab chiqariladi.

“Foodweek/Agritex Uzbekistan 2015” ko‘rgazmasida hammasi bo‘lib 14 ta davlatdan 15 ta kompaniya mahsulotlari taqdim qilinmoqda.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat sohasi mashinasozlik va yonilg‘i sanoati bilan bir qatorda O‘zbekistonning 2014 yildagi sanoat ishlab chiqarishi lokomotivi bo‘ldi.

Top