18:39 / 29.09.2015
16947

«Paxtakor» - «Metallurg» uchrashuvi kelishilgan deb topildi va Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasi bekor qilindi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ishtirokchisi Bekobodning «Metallurg» klubi bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasi bekor qilindi. O‘FF ijroiya qo‘mitasi byurosi shunday qarorga kelgan, deb yozadi tashkilot matbuot xizmati.

O‘zbekiston chempionatining 23-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» va «Metallurg» jamoalari uchrashuvi videoyozuvlari ekspertlar kengashi tomonidan ko‘zdan kechirilgan va uchrashuvning 83-daqiqasidan boshlab o‘yinning qolgan qismi sportcha kurashlardan xoli ravishda kechgani va o‘ta shubhali xarakterga ega deya topilgan.

«Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bu kabi shubhali g‘alabalar «Paxtakor» klubi rahbariyati va ularning muxlislariga kerakmi?», deya so‘roq ohangida murojaat qilinadi xabarda.

Ijroqo‘m qaroriga ko‘ra, bekobodliklar bosh murabbiyining murabbiylik litsenziyasi 2015 yilning oxiriga qadar bekor qilingan.

Ilova: O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi futbol rivoji uchun katta ishlar olib borilyapti. Shu qatorda, yurtimiz futbolida halollik ustuvor bo‘lishi yo‘lida ham say-harakatlar amalga oshirildi. Xususan, 2014 yilda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan “Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi” lavozimi tashkil etilib, bu vazifa Ahrol Inoyatovga topshirildi. Futbol qonun-qoidalariga tegishli amaldagi barcha hujjatlar bilan tanishib, shuningdek, futbol klublarining tuzilmasi o‘rganilib chiqilgach, futbolda halollikni ta'minlash bo‘yicha klublar rahbariyati va bosh murabbiylariga aniq mas'uliyatlar yuklaydigan bir qator hujjatlar ishlab chiqildi. Joriy mavsum oldidan O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etayotgan klublar vakillari “Futbolning yaxlitligi haqida deklaratsiya”ni to‘ldirishdi.

O‘zbekiston Chempionatining dastlabki turidan boshlab barcha o‘yinlarning video tasvirlari sinchkovlik bilan ko‘rib, kuzatib borilmoqda.

Natijada, bunday choralar o‘z mevasini berdi. Shubhali va sport prinsiplariga mos kelmaydigan o‘yinlar soni sezilarli darajada kamaydi. Chempionat saviyasi ko‘tarildi. Futbolchilar o‘z mahoratlarini to‘laligicha namoyish etishiga imkoniyat ko‘paydi. Bu esa futbolchilarni terma jamoalarga jalb qilishda tanlov imkoniyatini oshirdi.
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining futbol sifatini oishirish, stadionlarga muxlislarning jalb etish borasida amalga oshirayotgan bunday ishlariga qaramay, sport prinsiplari va sport etikasiga zid bo‘lgan o‘yinlar ham ko‘zga tashlanyapti.

Xususan, Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston chempionati 23-turi doirasida, 2015 yilning 25 sentabrida “Paxtakor” markaziy stadionida o‘tkazilgan Toshkentning “Paxtakor” va Bekobodning “Metallurg” jamoalari o‘rtasidagi 3:2 hisobida “Paxtakor” g‘alabasi bilan tugagan o‘yinning video tasvirini o‘rganib chiqib, “Metallurg” PFK uchrashuvning 83-daqiqasidan keyin namoyish qilgan o‘yini shubhali va sport prinsiplariga zid tus olganini aniqladi.

O‘yin davomida “Metallurg” PFK “Paxtakor” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan edi. Biroq “Metallurg” himoyachilarining o‘yin so‘ngidagi harakatlari ikki bora darvozalari tomon o‘n bir metrlik jarima to‘pi belgilanishiga olib keldi. O‘yin esa 3:2 hisobi bilan “Paxtakor” foydasiga yakunlandi.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: bunday shubhali g‘alaba “Paxtakor” rahbariyati va uning muxlislariga kerakmi?

Ta'kidlash kerakki,”Metallurg” bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov O‘zbekiston milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan, O‘zbekiston chempionati oltin medallari sohibi bo‘lgan mamlakatimizning eng tajribali va malakali mutaxassislaridan biri hisoblanadi. Mana bir necha yillardan buyon u “Metallurg” futbol klubini boshqarib kelmoqda. Shuni ham qayd etish kerakki, “Metallurg” 2015 yilgi O‘zbekiston chempionatida yaxshi natijalar qayd etib kelmoqda va yetakchi jamoalar uchun eng noqulay raqiblardan hisoblanadi.

Biroq Mirsodiqovning murabbiy sifatida erishgan bu yutuqlariga qaramay,

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroqo‘mi
Qaror qiladi:

1. 2015 yilning 24 sentabrb kunida o‘tkazilgan “Paxtakor” (Toshkent) – “Metallurg” (“Bekobod”) uchrashuvining 83-daqiqasidan boshlab, sport prinsiplariga va etikasiga zid bo‘lgan, deb hisoblansin.

2. O‘FF tartib-intizom kodeksining 2 bo‘lim, (g) punktiga asosan, Bekobodning “Metallurg” futbol klubi bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning litsenziyasi 2015 yilgi mavsum so‘ngiga qadar qaytarib olinsin.

3. O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi (F.Magametov) tomonidan O‘FF ijroqo‘mining ushbu qarorini amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilsin.

Top