16:40 / 29.09.2015
3957

Yamandagi to‘y marosimi ustiga havodan zarba yo‘llanishi tufayli halok bo‘lganlar soni 131 nafarga yetdi

28 sentabr kuni Yamanning janubi-g‘arbiy hududida bo‘lib o‘tayotgan to‘y marosimi ustiga havo zarbalari yo‘llanishi natijasida halok bo‘lganlar soni 130 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda BMT xabar bergan.

Aniqlik kiritilishicha, raketa zarbalari to‘y chodirlariga qarata yo‘llangan.

Xabarlardan ma'lum bo‘lishicha, bu nikoh marosimi Yamanning al-Vaxga hududida bo‘lib o‘tayotgan, kuyov husiychilarga aloqador shaxs bo‘lgan.

Xalqaro koalitsiyaga boshchilik qilayotgan Saudiya Arabistoni bu hujumga aloqdorligini inkor qilgan.

Bundan oldinroq, ushbu hujum koalitsiya samolyotlari tomonidan xatolik tufayli amalga oshirilgani xabar qilingandi.

Bu voqea Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasi bo‘lib o‘tayotgan vaqtda ro‘y berdi.

Tashkilot bosh kotibi Pan Gi Mun sessiya doirasidagi o‘z chiqishida Yamandagi mojaro tomonlarini sulh tuzishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Yamanda 1 yildan buyon fuqarolik urushi davom etmoqda. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari 26 mart kunidan boshlab Yaman hududida qonuniy hukumat manfaatlarini himoya qilgan holda, isyonchilarning obektlariga havo zarbalarini amalga oshirib kelmoqda.

Ayni vaqtda mamlakat poytaxti ikkiga bo‘lib olingan, qonuniy prezident Mansur Xodiy Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan qo‘nim topgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, bu mojarolar tufayli shu paytgacha 4,5 ming kishi (shundan 2110 nafari tinch aholi vakili) qurbon bo‘lgan.

Top