21:42 / 30.09.2015
4548

“Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

30 sentabr kuni “Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

"Ta'lim sohasi rahbarlari, faol o‘qituvchi va jonkuyar murabbiylar 30 sentabr kuni mamlakatimizning bosh maydonida bo‘lib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz, ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan zamonaviy inshootlar, ta'lim, madaniy-ma'rifiy, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari faoliyati bilan tanishdi", deyiladi UzA xabarida.

“Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda umumiy o‘rta ta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalarining ilg‘or o‘qituvchilari, fidoyi murabbiylar, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Prezidentimiz rahnamoligida istiqlolning dastlabki yillaridanoq ta'lim sohasini tubdan isloh etishga alohida e'tibor qaratildi. “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarning hayotga keng joriy etilishi mamlakatimizni taraqqiy ettirish, turmushimizni farovonlashtirish, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni voyaga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida mamlakatimizdagi umumta'lim maktablarining deyarli barchasi rekonstruksiya qilindi, tubdan ta'mirlandi, yuzlab yangi maktablar bunyod etildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, bolalar va o‘smirlar sport, musiqa va san'at maktablari, litseyu kollejlar, oliy ta'lim dargohlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini davr ruhiga mos tarzda yo‘lga qo‘yish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir” degan fikri xalqimiz orasida ezgu da'vatga aylandi. Sharafli kasb egalarining mehnatini moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirdi. O‘tgan yillar mobaynida ta'lim sohasidagi yuzlab ustoz-murabbiylar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ular orasida O‘zbekiston Qahramonlari borligi yanada quvonarlidir.

– Mehnatimiz istiqlol yillarida qadr topdi, – deydi poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 4-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi Rahmatulla Karimov. – Prezidentimizning ma'rifat ahliga ko‘rsatayotgan yuksak e'tibori barcha pedagoglarni mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga da'vat etmoqda, farzandlarimizni komil insonlar etib tarbiyalashdek ezgu ishlarni yanada kuchaytirishda qanot bo‘lmoqda.

Bugungi integratsiyalashuv jarayoni kuchaygan, axborotlashgan zamon o‘qituvchini ilg‘or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan unumli foydalanadigan ijodkor ustoz darajasiga ko‘tarishni taqozo etmoqda. O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Bu yil ham ushbu tanlovda o‘z fani bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan, har bir darsni yangi uslubda, qiziqarli va hayotiy misollar, turli ko‘rgazmali vositalar bilan o‘tayotgan ilg‘or pedagoglar saralandi. Tantanali yig‘ilishda g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Bugungi o‘quvchiga yangi ma'lumot, yangi fikr, mavzuga yangicha yondashuv kerak, – deydi tanlov g‘olibi, Olmaliq shahridagi 20-umumta'lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Marg‘uba Mirpo‘latova. – Ushbu ko‘rik-tanlov o‘zaro fikr va tajriba almashishimizga, o‘quvchilarni faollikka undovchi yangi uslub va shakllar bilan tanishishimizga imkon yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbarining 2005 yil 25 noyabrdagi «Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish va uni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori o‘qituvchilar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi, ularni yanada ko‘proq izlanishga, o‘quv-tarbiya jarayonini yanada boyitishga undadi.

Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘sib kelayotgan yosh avlodga chet tillarini o‘qitish, xorijiy tillarni puxta biladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratmoqda.

Chet tili o‘qituvchilari Davlat test markazi tomonidan doimiy ravishda sinovdan o‘tkazilib, ularning maoshiga qishloq joylarda 30 foiz va boshqa ta'lim muassasalarida 15 foiz miqdorida qo‘shimchalar berib borilmoqda. Bu mas'uliyatli va sharafli kasb sohiblarini o‘z ustida tinimsiz ishlashga, barkamol avlod tarbiyasida yanada faol bo‘lishga undamoqda.

Ta'lim-tarbiya jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida barcha umumta'lim maktablarida “Oila – mahalla – ta'lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu ma'naviy-ma'rifiy ishlar sifatini doimiy tahlil etib borish, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqini tobora kuchaytirish, 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilarni ta'limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtboshimiz rahnamoligida barpo etilgan 1500 dan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejida yoshlarga o‘zi tanlagan yo‘nalish va soha sirlari o‘rgatilmoqda.

Mamlakatimizda oliy ta'lim tizimi bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli standartga o‘tkazildi.

Marosimda Piskent tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Marhabo Qurbonova, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo va boshqalar ta'lim-tarbiya, ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifat tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kelajagimiz egalarini Vatanimizga, buyuk ajdodlarimizga munosib farzand etib tarbiyalashdek ezgu maqsadga yo‘naltirilganini ta'kidladi. Ushbu ezgu maqsadga butun borlig‘ini baxsh etayotgan kasb sohiblariga ko‘rsatayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda san'at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida katta konsert namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi.

Top