09:05 / 30.09.2015
17524

Chevrolet Cobalt avtomobili yangilanmoqda

Chevrolet Cobalt avtomobili 2012 yildan O‘zbekistonda ishlab chiqarila boshlangan va Rossiyaga eksport qilingan. Biroq joriy yilning bahorida General Motors konserni O‘zbekistonda aktivlarini minimallashtirishini e'lon qilgandan keyin, Cobalt Rossiyani birinchilardan tark etdi: hozirda rossiyalik dilerlarda deyarli sotuvda bu avtomobillardan qolmagan va 8 oy davomida 300tadan kamroq miqdorda sotilgan. Biroq bu sedanlar O‘zbekiston va Janubiy Amerikada hamon sotilmoqda va 1-2 oy ichida uning yangilangan versiyasi namoyish qilinishi kerak.

Yangi Cobalt’ning niqoblangan fotosuratlari Braziliyada tasvirga olindi. Avtomobil bu yerda 2011 yildan beri ishlab chiqariladi.

Yangi Cobalt old tomondan yangi Cruze avtomobiliga o‘xshab ketadi – katta havo to‘plagich va yorug‘lik-diodli faralar bilan jihozlangan. Avtomobilning orqa qismida yukxona eshigiga chiqib turuvchi “gorizontal” chiroqlar paydo bo‘ladi. Salonda sensor ekranli multimedia tizimi va boshqa bezak elementlari o‘rnatilishi kutilmoqda.

Yangi Cobalt texnik tomondan o‘zgarmasligi taxmin qilinmoqda: hozirgi Cobalt benzinda yoki Braziliyada keng tarqalgan etanol spirtida ishlaydigan 8 klapanli 1,4 litrli (102 ot kuchi) va 1,8 litrli (108 ot kuchi) motorlar bilan jihozlanadi.

Avtomobilning o‘zbek variantining yangilanishi biroz kechroq amalga oshiriladi, biroq O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi Cobalt’lardagi 1,5 litrli (106 ot kuchi) motor yangilanmaydi. Chunki 2011 yilda O‘zbekistonda 1,2 va 1,5 litrli motorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “GM Powertrain Uzbekistan” dvigatellar ishlab chiqaruvchi zavodi tashkil etilgan va bu zavodni yaqin orada modernizatsiya qilish rejalashtirilmagan.

Top