16:57 / 30.09.2015
8582

Olimlar erkaklarning bevaqt o‘limiga olib keluvchi o‘nta sababni aniqlashdi

Vashingtondagi Salomatlikni o‘rganish va baholash instituti (AQSh) olimlari 25 yil davomida tadqiqot o‘tkazib, erkaklarning barvaqtroq hayotdan ko‘z yumishi sabablariga oydinlik kiritishdi. Mutaxassislar kuzatuvlar jarayonida erkaklarning bevaqt o‘limiga olib keluvchi 79ta omilni hisoblab chiqishdi. Izlanishlar jarayonida ular orasidan erkaklar uchun halokatga eltuvchi o‘nta asosiy sababi saralab olindi.

Tadqiqotlar 1990 yildan 2013 yilga qadar o‘tkazilgandan so‘ng ma'lumotlarni qayta ishlash bosqichi ish boshladi. Dunyoning 188ta mamlakatidan to‘plangan ma'lumotlar tahlili mazkur holat bo‘yicha aniqroq va obektivroq manzarani hosil qildi.

Arterial qon bosimining ortishi erkaklarning barvaqt hayotdan ko‘z yumishiga eng asosiy ta'sir ko‘rsatuvchi omil sifatida baholandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, gipertoniya ham erkaklar, ham ayollar salomatligi uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi ma'lum bo‘ldi.

Erkaklarning boshqalarga nisbatan kamroq umr kechirishiga olib keluvchi keyingi muhim omil esa chekish va u keltirib chiqargan oqibatlar ekani ma'lum bo‘ldi. Semizlik esa erta o‘lim holatlarini keltirib chiqaruvchi uchinchi omil sifatida qayd etildi.

To‘rtinchi va beshinchi o‘rinda qandli diabet hamda tarkibida tuz miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlar iste'moli o‘rin egallagan. Alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish natijasida barvaqt o‘lim kuzatilishi oltinchi bo‘lib tilga olingan.

Reytingning yettinchi pog‘onasidan yetarli miqdorda vitamin va minerallar mavjud bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilish natijasida kelib chiquvchi omil joy olgan. Sakkizinchi va to‘qqizinchi bo‘lib esa ekologik vaziyatning yomonlashuvi hamda atmosferaning ifloslanishi aytib o‘tilgan. Ro‘yxatni organizmda xolesterin miqdori ortishi yakunlab berdi.

Ayollar bo‘yicha esa barvaqt o‘limga olib keladigan omillar ro‘yxatini gipertoniya, semizlik va diabet boshlab bergan. Shuningdek, o‘ntalikdan chekish va alkogol mahsulotlari iste'moli ham o‘rin olgan.

Top