14:38 / 30.09.2015
9034

O‘zbek olimlari grippga qarshi yangi preparat yaratishdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkir virusli kasalliklarga qarshi «rutan» nomli yangi tabletka yaratilib, yetakchi klinikalarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan.

O‘zbek olimlari (Sh.Solihov, N.Abdullajonova, S.Mavlonov, A.To‘rayev) yaratgan «rutan» preparati ta'sirida organizmda interferonlar hosil bo‘ladi va ular virusga qarshi kurashadi. Mazkur tabletka 6 yoshdan oshgan bolalar va kattalarga gripp hamda o‘tkir virusli respirator kasalliklarning oldini olish, davolash maqsadida tavsiya etiladi. Profilaktika uchun preparatni infeksiya keng tarqalgan vaqtda, xususan, bemorlar bilan muloqotdan so‘ng qo‘llash ham mumkin. Mazkur dori vositasi Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkentdagi 1-shahar shifoxonasida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan amaliyotda qo‘llanilishi uchun ruxsat berildi.

Mazkur dori vositasi klinik tajribadan to‘liq o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi patenti bilan himoyalandi va mamlakatimizdagi farmatsevtik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

“Rutan” tabletkasi totum o‘simligi barglaridan yaratildi. Dori grippning A-H3N2, H1N1 va B(01), (03) gruppa shtammlariga nisbatan samarali ta'sirga ega.

Hozirgi paytda olimlar tomonidan ushbu dori vositasining nafaqat gripp (barcha tegishli hujjatlar olinib, sotuvga chiqarilgan), balki boshqa virus turlariga qarshi (gepatit, ko‘z viruslari va boshqalar) shakllari o‘rganilmoqda.

Top