21:27 / 30.09.2015
2461

O‘zbekistonda 2015 yilning birinchi yarmida 441,8 ming kishining ish bilan bandligi ta'minlandi

Joriy yilning 30 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida navbatdagi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining "2015 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishi to‘g‘risida"gi axborotini eshitishdi. Parlament eshituvi Parlament quyi palatasi deputatlarining o‘z saylov o‘kruglarida olib borgan faoliyati natijalariga asoslangan holda, Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Eshituv davomida 2015 yilda yirik obektlarni ishga tushirish, vaqtincha ishlamayotgan korxonalarning faoliyatini tiklash, kichik korxonalar va mikrofirmalarning rivojlanishi, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikning kengayishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va tayer maxsulotlar ishlab chiqarishnining rivojlantirilishi kabi yo‘nalishlarda ish o‘rinlari tashkil etish va aholini ish bilan ta'minlashga doir keng axborot taqdim etildi.

Unga ko‘ra O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 441.8 ming kishining bandligi taminlandi. Shundan ish o‘rinlarining 62,2 foizi qishloq joylarida yaratildi.

Bandligi ta'minlanganlarning katta qismi Samarqand, Farg‘ona, Toshkent Qashqadaryo, Buxoro, Andijon viloyatlari va Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dastur bajarilishi holati yuzasidan axborotni batafsil muhokama qilish jarayonida siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ta'kidlashicha, hukumat tomonidan tijorat banklari va korxonalar bilan birgalikda ish joylarining hisobini va monitoringini yuritish, ishsiz aholi, birinchi navbatda yoshlarni yangi ish o‘rinlariga joylashtirish borasida aniq chora-tadbirlar va tizimli ishlar amalga oshirilgan.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasining vakillari hisobot davrida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga mos ravishda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish asosida 118 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilganini alohida ta'kidlashdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zolari esa har yili o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarini sifatli tayyorlash va bandligini ta'minlashga oid 3 yillik hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi masalasiga e'tibor qaratdi. Ta'kidlandiki, mazkur jarayonda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish lozim.

"Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari axborotda 2015 yilda hududlar va yo‘nalishlar bo‘yicha 261.6 mingta ish o‘rni tashkil etish hamda 725,9 ming kishining - jami 987,5 ming kishining bandligini, shu jumladan kasb-hunar kollejlarining 487,7 ming nafar bitiruvchisi va 409,5 ming nafar mehnat migrantlarini ishga joylashtirilishini ta'minlash borasida olib borgan ishlarni ijobiy baholadilar.

Muhokama jarayonida bayon etilgan fikr mulohazalarni hisobga olgan holda Oliy majlis Qonunchilik palatasi "2015 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishi to‘g‘risida"gi axborotini ma'lumot uchun qabul qildi.

Top