18:45 / 30.09.2015
6573

Ramzan Qodirov IShIDga qarshi jang qilish uchun Suriyaga yo‘l olishga tayyorligini bildirdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Suriyada o‘rnashgan IShID jangarilariga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun bu mamlakatga borishga tayyorligi haqida ma'lum qildi.

"Agar Rossiya Federatsiyasi Harbiy qo‘shinlari oliy qo‘mondoni Vladimir Putin buyruq bersa, biz ertagayoq Suriyaga yo‘l olishimiz mumkin. Bizda yuqori tayyorgarlikka ega maxsus harbiy xizmatchilar bor va bundaylar G‘arbda yo‘q. Bizning askarlarda tajriba va bilim bor", deya yozadi u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Rossiya Federatsiyasi kengashi Putinga xorijda harbiy amaliyotlarga o‘tkazishga ruxsat berganidan keyin Qodirov bu voqeani qizg‘in ravishda qo‘llab-quvvatlagan.

"Men RF prezidenti Vladimir Putinning Suriyada harbiy amaliyotlar o‘tkazish bo‘yicha qabul qilgan qarorini to‘la ravishda qo‘llab-quvvatlayman. Men Suriyadagi yovuz jangarilar o‘z inlarida yo‘q qilinishi tarafdoriman", deya qayd etadi Qodirov.

U Rossiya bu borada musulmon davlatlari tomonidan keng ravishda madad olishiga ishonch bildirib o‘tgan.

"Rossiya xalqaro normalar asosida harakat qilmoqda. Suriya prezidenti Rossiya prezidentidan yordam so‘radi. Biz ularga yordam bera olamiz. Amerika, Avstraliya, Fransiya va boshqa mamlakatlar esa o‘zlarini Suriyada qaroqchilar kabi tutishmoqda. Suriyaga esa haqiqiy ittifoqchi kerak", deydi u.

U Grozniy shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida Suriyada quruqlikdagi harbiy harakatlar boshlangudek bo‘lsa, Chechenistondan bir necha ming askar bu janglarda qatnashishga tayyor ekanini ma'lum qilgan.

"Afsuski, chechenlar bu shayton malaylariga qarshi jang olib borish uchun ruxsatga ega emas. Agar Rossiya Suriyaga quruqlik qo‘shinlarini kiritadigan bo‘lsa, biz birinchi safda bo‘lamiz", deydi Qodirov.

Top