15:26 / 30.09.2015
2417

Toshkentda yaponiyalik ishbilarmonlar bilan shaharsozlik sohasida muzokaralar o‘tkazildi

Joriy yilning 29 sentabr kuni “Wyndham” mehmonxonasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Yapon konferensiyasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

“Shahar yuqoritexnologiyali infratuzilmasi” mavzusidagi konferensiya Yaponiyaning Yer, infratuzilma, transport va turizm masalalari bo‘yicha vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda bir qator manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda shu yilning 28 sentabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Yaponiya parlamentining Yer, infratuzilma, transport va turizm masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Keysuke Suzuki boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tomonidan o‘zaro manfaatli takliflar ilgari surildi.

Yaponiya parlamentining Yer, infratuzilma, transport va turizm masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Keysuke Suzuki boshchiligidagi delegatsiya ikki tarkibiy qism, ya'ni 5 kishidan iborat rasmiy hamda 54 nafar ishbilarmon doira vakillaridan tashkil topgan delegatsiya vakillaridan iborat.

Tashrifdan maqsad shaharsozlik sohasida ikkitomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, tajriba almashish va Yaponiyaning shahar infrastrukturasini rivojlantirishdagi eng zamonaviy texnologik yutuqlari bilan tanishish va tajriba almashishdir.

Konferentsiyaning ochilish marosimidan so‘ng, ishtirokchilar ikki seksiyaga bo‘linib, muhokamalarni davom ettirdilar.

Sektsiyalarda infrastruktura sohasidagi xavfsizlik tizimi, axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida amalga oshiriladigan xavfsizlik chora-tadbirlari, Markaziy Osiyoda moliyalashtirilgan loyihalarning natijalari, implant usullari, yuqori funksional qo‘rg‘oshin, tabiiy ofatlarning oldini olish texnologiyalari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Konferentsiyada shahar infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yapon kompaniyalarining taqdimotlari o‘tkazilib, mazkur loyihalarning Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JIKA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki tomonidan moliyalashtirilish usullari yuzasidan axborotlar berildi.

Konferentsiyada ishtirok etgan Yaponiya parlamentining Yer, infratuzilma, transport va turizm masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Keysuke Suzuki boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan tashkil topgan delegatsiya mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa'y-xarakatlarni yuqori baholashdi. Konferentsiya doirasida tomonlar o‘rtasida istiqbollarni belgilash, kelgusi hamkorlikning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Yaponiya bilan strategik hamkorlikni kelgusida mustahkamlash, ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta e'tibor qaratmoqda.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda O‘zbek-Yapon va Yapon-O‘zbek iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari katta rol o‘ynaydi. Yuqorida keltirilgan qo‘mitalarning birgalikdagi yig‘ilishi 2015 yilning 27 yanvarida Tokio shahrida bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, ikkitomonlama savdo aylanmasi 2014 yil yakunlariga ko‘ra 189,5 mln dollarni tashkil etdi, shundan 15,1 mln dollar O‘zbekiston eksport ulushiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikning umumiy hajmi 3,4 mlrd AQSh dollaridan oshdi. Yaponiyaning moliyaviy-texnik ko‘magi tufayli O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta'lim, energetika, transport, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi hamda qator infrastrukturaviy loyihalar amalga oshirildi.

O‘zbekistonda 10ta qo‘shma korxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ulardan bittasi 100 foiz yapon kapitali asosida bo‘lgan va savdo, transport xizmati, turizm, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik, yengilsanoat va metallni qayta ishlash sohalarida faoliyat yuritadi.

Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni, investitsion loyihalar doirasida uskunalar yetkazib berish va boshqalarni o‘z ichiga oladigan 11ta yapon kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Yaponiya turli xil loyihalarda, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasida faol hamkorlik olib borishmoqda.

Yaponiya parlamentining Yer, infratuzilma, transport va turizm masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Keysuke Suzuki boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan tashkil topgan delegatsiyasi joriy yilning 29 sentabriga qadar mamlakatimizda bo‘lib, yurtimizda soha rivoji bilan yaqindan tanishadilar.

Top