10:14 / 01.10.2015
3860

“Titanik”dagi oxirgi tushlik menyusi kim oshdi savdosida 88 ming dollarga sotildi

“Titanik” kemasining halokati arafasida birinchi toifa yo‘lovchilarga taqdim etilgan tushlik menyusi Nyu-Yorkdagi kim oshdi savdosida 88 ming dollarga sotildi. Bu haqda Lion Heart Autographs kim oshdi savdolari uyi xabar berdi.

Fojia sodir bo‘lgan sana – 1912 yil 14 aprelga daxldor menyu kema qoldiqlarining topilishiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan savdolarning asosiy loti bo‘ldi. Tashkilotchilari 50-70 ming dollarga baholagan raritet halokat kuni dasturxonga tortilgan tushlikning uch menyusidan biri hisoblanadi. Ulardan biri Londondagi milliy muzey kolleksiyasidan o‘rin olgan bo‘lsa, boshqasi 2012 yili 120 ming dollarga xususiy kolleksionerga sotilgan edi.

Menyudan ma'lumot bo‘lishicha, o‘sha kuni kazo-kazo yo‘lovchilar merilendcha tabaka, grilda pishgan qo‘y qovurg‘asi, dudlangan sardina, sardakli mol tili, italyan kolbasasi va nemis pivosi bilan mehmon qilingan.
Hujjatni “birinchi raqamli qutqaruv qayig‘i”ning besh yo‘lovchisidan biri bo‘lgan nyu-yorklik biznesmen Abraam Linkoln Solomon qutqarib qolgan.

Ushbu qayiqda “Titanik”ning eng boy yo‘lovchilari jonini asrab qolgani bois u ba'zan “millionerlar qayig‘i” deb ham ataladi.
Kemadagi turkcha hammomlarning Solomon tomonidan asrab qolingan kvitansiyasi shu savdolarning o‘zida 11 ming dollarga yangi egasini topdi.

Top