07:12 / 01.10.2015
3591

YeChL, V guruhi: “TsSKA” PSVni yengdi, “MYu” “Volfsburg” ustidan irodali g‘alabaga erishdi

Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 2-turida V guruhida Moskvaning “TsSKA” klubi “Arena Ximki” stadionida Gollandiyaning “PSV” klubini 3:2 hisobida yutdi.

“Armiyaliklar” uchrashuvda tashabbusni tezda o‘z qo‘llariga oldilar va 8-daqiqadayoq Ahmed Musa raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. 21-daqiqada Seydu Dumbiya mezbonlar ustunligini 2 ta to‘pga yetkazdi. 1-bo‘lim yakunlanishiga biroz qolganda “TsSKA” 11 metrlik jarima to‘pini tepish huquqini qo‘lga kiritdi va Dumbiya uni aniq bajardi.

Tanaffus oldidan “PSV” darvozasiga yana bitta penalti belgilandi, biroq bu gal Dumbiyaning omadi chopmadi.

Uchrashuvning 60- va 68-daqiqalarida mehmonlar futbolchisi Maksim Lestenn 2 ta javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 80-daqiqada “PSV” Santyago Aryasning chetlatilishi tufayli 10 kishi bo‘lib qoldi. Uchrashuvning qolgan daqiqalarida “PSV” kamchilik bo‘lib harakatlanganiga qaramay, mag‘lubiyatdan qochishga juda ko‘p urindi, biroq moskvaliklar g‘alabani qo‘llaridan chiqarishmadi.  

Chempionlar Ligasi. B guruhi. 2- tur

TsSKA (Moskva) – PSV Eyndxoven (Eyndxoven) – 3:2

Gollar: Musa, 8 (1:0); Dumbiya, 21 (2:0); Dumbiya, 36 (3:0, pen); Lestenn, 60 (3:1); Lestenn, 68 (3:2).

Amalga oshirilmagan penalti: Dumbiya, 44 (TsSKA).

Chetlatish: Aryas, 80 (PSV).

2-uchrashuvda “Manchester Yunayted” o‘z maydonida “Volfsburg” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Nemislar 4-daqiqadayoq Daniel Kalijiuri goli evaziga hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Mankunianliklar 34-daqiqada hisobni tenglashtirishdi: Xuan Mata raqib darvozasiga belgilangan penaltini aniq bajardi. 53-daqiqada Kris Smolling jamoasiga g‘alaba olib kelgan golni kiritdi.

Manchester Yunayted (Manchester) – Volfsburg (Volfsburg) – 2:1

Gollar: Kalijiuri, 4 (0:1); Mata, 34 (1:1, pen); Smolling, 53 (2:1).

V guruhida musobaqa jadvali 2-turdan keyin quyidagicha ko‘rinish oldi: 1. PSV – 3 ochko; 2. «Manchester Yunayted» – 3; 3. TsSKA – 3; 4. «Volfsburg» – 3.

Keyingi turda “TsSKA” o‘z maydonida 21 oktabrda “MYu” bilan, PSV esa mehmonda “Volfsburg” bilan uchrashadi.

Top