10:38 / 01.10.2015
5091

Olimlar Dunyo okeanida har 8-9 soatda "qotil-to‘lqin" vujudga kelishini ta'kidlashmoqda

Olimlarning fikricha, Dunyo okeanida har 8-9 soatda "qotil-to‘lqin" (boshqa to‘lqinlardan 2-3 barobar balandroq bo‘lgan yolg‘iz to‘lqin) vujudga keladi.

Tsunamidan farqli ravishda, bu to‘lqin aniq manbaga ega emas. Bu haqda 2014 yilda fan va innovatsiya sohasida Rossiya prezidenti mukofoti sazovor bo‘lgan olima Irina Didenkulova Sevastopolda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro yosh olimlar anjumanidagi hisobotida ma'lum qildi.

“Eng oddiy baholash bizga shunday raqamlarni bermoqda: 3 mingtadan bitta to‘lqin qotil-to‘lqin bo‘lishi kerak. Ya'ni u har 8-9 soatda vujudga keladi. Bu qo‘polroq baho. Kuzatuvlarni tizimli ravishda olib borganimizda bunday to‘lqinlar statistikada ko‘rsatilgandan ko‘proq uchrashi ma'lum bo‘ldi”, deb aytdi Didenkulova.

Olimaning aytishicha, qotil-to‘lqinlar haqidagi eslatmalarni Qadimiy Gretsiya afsonalari va Xristofor Kolumb sayohati haqidagi hikoyalarda uchratish mumkin. Biroq u 1995 yildan boshlab o‘rganila boshlangan. O‘shanda Norveg dengizida neft qazib oluvchi platformani vayron qilgan 26 metrlik balandlikka ega yagona to‘lqin qayd etilgan edi.

“Bunda ob-havo sharoitlari evakuatsiya o‘tkaziladigan darajada yomon bo‘lmagan. Sug‘urta kompaniyalari kelajakda bunday vaziyatlar vujudga kelishi ehtimoli qandayligini bilish maqsadida bong ura boshladilar”, dedi Didenkulova.

1968 yildan 1994 yilgacha yuz bergan dengiz falokatlari tahlilining ko‘rsatishicha, qotil-to‘lqin tufayli 22ta supertanker falokatga uchragan. Bunday voqealardan eng shov-shuvlisi 2010 yilda Marsel yaqinida “Lyuis Majyestik” laynerining falokatga uchrashi bo‘lgan.

“Qotil-to‘lqinlarning fazofiy monitoringi mavjud emas. Biz faqatgina falokatlar miqdorini kuzatishimiz mumkin, ular esa navigatsiya jadalroq bo‘lgan joyda ko‘proq uchraydi”, deb ta'kidladi olima.

Olimaning ta'kidlashicha, statistika qotil-to‘lqinlarning vujudga kelishini taxmin qilishga imkon beradi, biroq ularning vujudga kelish mexanizmini tushuntira olmaydi. Olimlar hozircha faqatgina bu borada taxminlarga egalar. Ularning fikricha, bu hodisa to‘lqinlarning dengiz oqimi bilan o‘zaro ta'sirlashuvi, to‘lqinlarning o‘z dinamikasi (to‘lqinlar “bir-birini quvlashi” natijasida dispersion jamlanish vujuda keladi) sababli yuz berishi mumkin.

Top