19:32 / 02.10.2015
2998

Jasur Abduraimov: “Barcha raqiblarga birdek munosabatdamiz”

O‘zbekison U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov Butanga qarshi kechadigan saralashning 1-tur o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z shogirdlaridan turnirda yaxshi natija kutayotganini ta'kidladi.

“Musobaqaga bir maqsad – Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun tashrif buyurdik”, - deydi Abduraimov. “Guruhdagi barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz va barchasiga birdek munosabatdamiz. O‘yindan-o‘yinga o‘z o‘yinimizni kuchaytirib borishni va guruhda g‘olib bo‘lishni maqsad qilganmiz”, - deydi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

“Turnir boshlanmasidan oldin qaysidir jamoani favorit, qaysidir jamoani bizga asosiy raqib bo‘ladi deyish noto‘g‘ri. Barcha raqibga qarshi bir xil munosabatda bo‘lamiz va barcha o‘yinlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz”.

“Musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik deb o‘ylayman. Jamoamiz juda yosh va endi tashkil etildi, ammo musobaqaga tayyorgarlik jarayonida biz yaxshi jamoa tuza oldik. So‘nggi ikki oy davomida bir qator turnirlarda ishtirok etdik va bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Ammo, o‘rtoqlik uchrashuvlari bilan rasmiy o‘yinlar o‘rtasida farq bor. Tayyorgarligimiz o‘z samarasini berishiga ishonaman”, - deydi Abduraimov.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston U-19 terma jamoasi sardori Islom Qobilov ham turnirda terma jamoa yaxshi natija ko‘rsatishiga ishonishini aytib o‘tdi.

“Turnirga tayyograrchilik a'lo darajada kechdi. Yaxshi tayyorgarlik va mehnat evaziga g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Murabbiy fikrlariga qo‘shilaman. Maqsadimiz o‘yindan o‘yinga o‘z o‘yinimizni kuchaytirish va Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish”, - dedi Qobilov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash "A" guruhi 1-turi doirasida 2 oktabr kuni Butan yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.

Top