17:20 / 02.10.2015
7601

Parijdagi “Normand to‘rtligi” uchrashuvidan onlayn

“Normand to‘rtligi” davlatlari (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ukraina) rahbarlari bugun Parijda uchrashmoqda. Yelisey saroyida Angela Merkel, Fransua Olland, Vladimir Putin va Pyotr Poroshenko 2 kun davomida Ukraina inqirozi yuzasidan muzokaralar olib boradi.

22:25

"Normand formatidagi” muzokaralar o‘z nihoyasiga yetdi. Bu Germaniya, Fransiya, Rossiya va Ukraina prezidentlarining 2014 yil iyundan keyingi 3-uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralar 4 soatdan ko‘proq davom etdi.

21:41
"Normand to‘rtligi"ning Parijdagi muzokaralari boshlanganiga 4 soat bo‘ldi. Yelisey saroyida Vladimir Putin, Angela Merkel, Fransua Olland va Pyotr Poroshenko ishtirokidagi muzokaralar Toshkent vaqti bilan soat 17:40da boshlangandi.
Davlat rahbarlari Ukrainadagi siyosiy inqiroz masalasini muhokama qilishmoqda. Hozircha natijalar haqida ma'lumotlar yo‘q.

21:19
"Normand to‘rtligi"ning Parijdagi uchrashuvi yakunida hech qanday hujjatlar imzolanmaydi. Bu haqda ishonchli manbalardan biri xabar bergan.

21:05
Fransiya prezidenti o‘zining instagramdagi akkauntiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Pyotr Poroshenko qo‘l siqishib turgani tasvirlangan videoni joylashtirdi.

20:50
"Normand to‘rtligi" uchrashuvi 3 soatdan oshiq vaqtdan buyon davom etdi. Jurnalistlar muzokaralar boshlanganidan 2 soat vaqt o‘tganida Germaniya kansleri Angela Merkelni xollda ko‘rishgan. U muzokaralar o‘tkazilayotgan xonani qisqa muddatga tark etgan va ko‘p o‘tmay xonaga qaytib kirib ketgan.

20:20

Fransiya prezidenti muzokaralar yakunidan so‘ng bayonot beradi.

20:00
Yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvlar hamisha turli mish-mishlarni keltirib chiqaradi. Bu safar ukrain OAVi tomonidan yozilishicha, muzokaralar boshlanganidan 2,5 soat vaqt o‘tganida Vladimir Putin muzokaralar stolini tark etgan. Shu bilan birgalikda Rossiya delegatsiyasi Yelisey saroyida qolgani aytilgan.

19:40
"Normand to‘rtligi" sammiti boshlanganiga deyarli 2 soat bo‘ldi.
"Ular tunni shu yerda bedor o‘tkazmaslikka so‘z berishgan", dedi mezbon Olland.
Eslatib o‘tamiz, to‘rtlik ishtirokidagi Minskda o‘tkazilgan ikkinchi sammit 16 soat davom etgandi.
Ishonchli manbaning ma'lum qilishicha, Yeliseydagi muzokaralarda Parij va Berlin tomonidan Minsk kelishuvlarining amal qilish muddatini belgilash taklif qilingan.

18:20

Yelisey saroyiga tashrif qilgan siyosatchilarning kortejlari.
Yopiq eshiklar ortida muzokaralar davom etmoqda.
Tashqarida jurnalistlar muzokaralar yakunini kutishmoqda.

18:10
Fransiyaning "normand to‘rtligi" uchrashuvida qatnashayotgan delegatsiyasi tarkibi quyidagicha: Mamlakat tashqi ishlar va xalqaro aloqalar vaziri Loran Fabius, prezidentning diplomatiya bo‘yicha maslahatchisi Jak Odiber, prezidentning shaxsiy shtabi boshlig‘i Benua Pyuga, Fransiyaning Rossiya bilan munosabatlar bo‘yicha vakili Fransua Revardo va Fransiya respublikasi rahbarining kommunikatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Klodin Riper.

18:06
"Normand to‘rtligi" uchrashuvida ishtirok etish uchun Parijga Germaniya delegatsiyasi tarkibida GFR TIV rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer, tashqi siyosat bo‘yicha kansler maslahatchisi Kristof Xoysgen, GFR hukumati rasmiy vakili Shtefan Zayberg, Germaniya TIVning siyosiy direktori Andreas Mikaelis va kansler maslahatchisi Maksimilian Shpinner kelishgan.

17:48
Rossiya delegatsiyasi tarkibidan TIV rahbari Sergey Lavrov, Rossiya prezidenti Yuriy Ushakov, Kreml matbuot xizmati boshlig‘i Dmirtiy Peskov, Rossiya Federatsiyasi prezidentining MDH davlatlari bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Oleg Govorun va Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha RF kontakt guruhi maxsus vakili Azamat Kulmuxametov o‘rin olgan.

17:40

"Normand to‘rtligi" davlatlari Ukraina masalasidagi muhokamalarga kirishishdi. Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya rahbarlari Yelisey saroyining Myurat zalida Donbassdagi muammo bo‘yicha muzokara o‘tkazishmoqda.

16:48
Yelisey saroyida "normand to‘rtligi" formati bo‘yicha navbatdagi uchinchi uchrashuv boshlandi. Bugun Germaniya, Fransiya Rossiya va Ukraina prezidentlari Donbassdagi vaziyat bo‘yicha 2014 yilning iyunidan beri uchinchi marta muzokaralar stoliga o‘tirishdi.

16:47
Hozircha rahbarlar yopiq eshiklar ortida suhbat qurmoqda. Bu orada jurnalistlar sendvich va qizil vino bilan mehmon qilindi. Kun tartibida qanchalar murakkab masalalar turmasin, Fransiya o‘z an'analariga sadoqatli qoladi.

16:39
Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko fransiyalik hamkasbi Fransua Olland bilan uchrashuv o‘tkazadi.

16:08
Putin va Olland uchrashuvi kutilganidek bir soat emas, 15 daqiqaga ko‘proq davom etdi. Angela Merkel saroyga Putin va Ollanddan 20 daqiqaga kechroq keldi. Ukraina prezidenti esa hammadan so‘ng yetib keldi. Ayni paytda Putin va Merkel uchrashuvi davom etmoqda.

16:03
Tadbirlar yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda. Jurnalistlarga xizmat ko‘rsatuvchi matbuot markazi saroy kompleksining bir qismi bo‘lmish Marini mehmonxonasida joylashdi.

15:40
Germaniya kansleri Angela Merkel Yelisey saroyiga yetib keldi.

Germaniya hukumati rahbarini saroyning kirish eshiklarida Fransua Olland kutib oldi. Bunga qadar u Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi.
Endi Vladimir Putin va Angela Merkel o‘zaro suhbat quradilar, shundan so‘ng to‘rtala davlat yetakchilari Myurat zalida to‘planadi.


Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga qaraganda, "to‘rtlik" uchrashuvi muzokaralr va ishchi lanchdan iborat bo‘ladi.

15:06
Rossiya va Fransiya prezidentlarining suhbati yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda. Uchrashuvda, shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov matbuot kotibi Dmitriy Peskov ishtirok etishmoqda.

15:04
Vladimir Putin Yelisey saroyiga tashrif buyurdi. Fransua Olland uni ichki hovlida kutib oldi. Yetakchilar so‘rashib, ichkariga kirishdi. O‘zaro suhbat boshlandi.

14:44
Yelisey saroyi mehmonlarni kutib olishga tayyor, ichki hovlida faxriy qorovul saflandi.

14:25

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Fransiya rahbari Fransua Ollandga o‘z yurtiga rasmiy tashrif uyushtirishga taklif qildi.

14:16
Jurnalistlar uchrashuv boshlanishidan uch soat oldin saroyga yetib kelishdi. O‘ttizga yaqin telekamera o‘rnatilib ulgurdi. Matbuot vakillarining katta qismi matbuot markazida, ammo ayrimlar ichki hovlida kecha qahramonlarini kutmoqda.

Top