21:31 / 03.10.2015
3670

Angliya Premer-ligasi, 8-tur: Agueroning 20 daqiqa ichidagi 5 ta goli “Manchester Siti”ga “Nyukasl” ustidan yirik g‘alaba keltirdi

Angliya Premer-ligasi 8-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti”-“Nyukasl” uchrashuvi “shaharliklar”ning 6:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. E'tiborlisi, Serxio Aguero “Siti”ning 6 ta to‘pidan 5 tasini 20 daqiqa ichida, ya'ni 42, 49, 50, 60 va 62-daqiqalarda kiritib, penta-trikka erishdi. “Nyukasl”ning uchrashuvdagi yagona to‘pini 18-daqiqada hujumchi Aleksandr Mitrovich kiritdi.

“Shaharliklar” safida Kevin De Bryoyne 53-daqiqada bir to‘pni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
“Siti” bu g‘alabasi evaziga, 18 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvalida yana 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Argentinalik futbolchi APL tarixida bir uchrashuvda 5 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan 5-o‘yinchi bo‘ldi. Ungacha penta-trikka Jyermeyn Defo (36 daqiqa ichida), Alan Shirer (54), Endi Koul (65) va Dimitar Berbatov (68) erisha olgan. Bundan tashqari, "Manchester Siti" raqib darvozasiga 20 daqiqada 6 ta to‘p kiritib, bu borada APL rekordini yangiladi.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya Bundesligasida “Bavariya” hujumichisi Robert Levandovski 22 sentabrda “Volfsburg” bilan uchrashuvda 9 daqiqa davomida penta-trik amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Angliya Premer-ligasi. 8- tur
Manchester Siti – Nyukasl Yunayted – 6:1
Gollar: Mitrovich, 18 (0:1); Aguero, 42 (1:1); Aguero, 49 (2:1); Aguero, 50 (3:1); De Bryoyne, 53 (4:1); Aguero, 60 (5:1); Aguero, 62 (6:1).

Turdan o‘rin olgan qolgan uchrashuvlar quyidagicha yakunlandi:

Norvich Siti – Lester Siti – 1:2
Gollar: Vardi, 28 (0:1, pen); Shlupp, 47 (0:2); Mbokani, 68 (1:2).

Sanderlend – Vest Xem Yunayted – 2:2
Gollar: Fletcher, 10 (1:0); Lens, 22 (2:0); Jyenkinson, 45+1 (2:1); Payyet, 60 (2:2).
Chetlatish: Lens, 57 (Sanderlend).

Bornmut – Uotford – 1:1
Gollar: Myurrey, 28 (1:0); Igalo, 45 (1:1).
Amalga oshirilmagan penalti: Myurrey, 85 (Bornmut).

Aston Villa – Stok Siti – 0:1
Gollar: Arnautovich, 55 (0:1).

Top