16:29 / 03.10.2015
10276

Lisenziyasidan mahrum qilingan Anvar Sobirov Samarqand viloyatida o‘z “aybini” yuvadi

Bugungi o‘zbek shou-biznesida ma'naviyat masalasi bosh mavzuga aylangani sir emas. Zero san'atkor ahli doimiy ravishda xalq e'tibori, diqqat markazida bo‘ladi. Ko‘pchilik yoshlar esa kiyinish, gap-so‘z va boshqa xatti-harakatlarda san'atkorlarga taqlid qiladi, ulardan o‘rnak olishga intiladi.

Shu sababdan san'at ahlining yosh avlod ongi, dunyoqarashi va ma'naviyatiga katta ta'siri bor, deb qaraladi.
San'atkorlarning san'at va madaniyat sohasida qabul qilingan tegishli huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarni bajarishi, ularning sahna madaniyati, ma'naviy olami borasida zarur tushunchalarni berish maqsadida esa hukumat qarori asosida ma'naviyat darslari tashkil etilgan.

Biroq mazkur qarorning nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanligini yetarlicha anglab yetmagan, tegishli tashkilotlar topshirig‘iga bepisandlik bilan qaragan ayrim san'atkorlar joriy yilning iyul oyida litsenziyasi to‘xtatilib, bir qator xonandalarga nisbatan qat'iy ogohlantirishlar berilgan edi.

2015 yilning 14 iyul kuni ma'naviyat targ‘iboti borasidagi darslarga qatnashmaganligi sababli litsenziyasi to‘xtatilgan xonanda Anvar Sobirov ham shular jumlasidan. U o‘z vaqtida “aybi”ni tushunib yetib, tegishli xulosa chiqardi. Shu maqsadda o‘tgan davr ichida ko‘plab katta-kichik davlat tadbirlarida ishtirok etdi. Jumladan, xonandaning ma'lum qilishicha, so‘nggi bor Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan mustaqillik bayramida qatnashib, muxlislarga o‘z ijod namunalarini namoyish qildi.

Oktyabr oyining 4-5 sanalarida esa Samarqand viloyatida bo‘lib, Pastdarg‘om tumanida paxta terimchilari uchun konsert dasturini namoyish etadi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, xonanda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga litsenziyasini qaytarib olish uchun ariza bilan murojaat qilgan. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tuvchi kengash yig‘ilishida uning murojaati ko‘rib chiqiladi.
Shu vaqtga qadar xonanda ijodiy izlanish, mehnat qilishdan to‘xtab qolgani yo‘q. Uch-to‘rtta yangi qo‘shiq va ularga ishlangan klip shay holatda turibdi.

Lisenziyasi qaytarib berilishi bilan mazkur taronalar radio va telekanallar orqali efirga uzatiladi.
Anvar Sobirov “Jiyda guli” seriali, “Begona bahor” badiiy filmlari orqali aktyor sifatida ham ko‘pchilik tomoshabinlarning hurmatini qozongan. Mazkur kartinalar rejissyori Ibrohim Rasulov boshchiligida kelgusi 2016 yilda tasvirga olinishi rejalashtirilgan yangi serialda bosh rollardan biri yana bir bor Anvar Sobirovga ishonib topshirilmoqda. Ayni paytda serialning moliyaviy masalalari hal qilinmoqda.

Top