23:13 / 03.10.2015
5171

Serxio Aguero 20 daqiqa ichida 5 ta gol urib, APL rekordini o‘rnatdi

Angliya Premer-ligasi 8-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti”-“Nyukasl” uchrashuvida “shaharliklar” hujumchisi Serxio Aguero premer-liganing yangi rekordini o‘rnatdi. Futbolchi raqib darvozasiga 20 daqiqa ichida, ya'ni 42, 49, 50, 60 va 62-daqiqalarda 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Futbolchi oxirgi golini urgandan keyin Vilfrid Boni bilan almashtirildi

Uchrashuv “Siti”ning 6:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Argentinalik futbolchi APL tarixida bir uchrashuvda 5 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan 5-o‘yinchi bo‘ldi. Ungacha penta-trikka Jyermeyn Defo (36 daqiqa ichida), Alan Shirer (54), Endi Koul (65) va Dimitar Berbatov (68) erisha olgan.

Agueroning rekordigacha aynan Jyermeyn Defoning penta-triki eng tez amalga oshirilgan penta-trik hisoblanardi. Futbolchi bunday natijaga 2009 yilning noyabrida “Uigan”ga qarshi uchrashuvda (9:1) erishib, buni 36 daqiqa ichida amalga oshirgandi.
27 yoshli Aguero “Manchester Siti” tarkibida 2011 yil iyuldan beri to‘p surib keladi. U shu kungacha klub tarkibida 128 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 84 ta gol yozib qo‘ygan.

Top