07:35 / 04.10.2015
4067

AQShda maktab festivalida temir-beton soyabon qulab tushdi

AQShning Ayredel shahrida (Shimoliy Karolina shtati) maktablararo musiqa festivalida temir-beton soyabon qulab tushdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. Oqibatda 25 kishi jarohat olgan.

Voqea 3 oktabrda mahalliy vaqt bilan soat 14:15 da (Toshkent vaqti bilan 23:15 da) yuz bergan. CBS News telekanalining ma'lum qilishicha, soyabon uning ustunlaridan biriga yuk mashinasi kelib urilgandan keyin qulab tushgan. Falokat paytida soyabon ostida  festival ishtirokchilari bo‘lgan.

Voqea joyiga huquq-tartibot muassasalari xodimlari va tez tibbiy yordam brigadalari yetib kelgan. Jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan, ulardan birining ahvoli juda og‘irligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, tadbirda 30 ta maktabdan musiqa jamoalari ishtirok etishi kerak bo‘lgan, biroq bir nechta guruh yomg‘irli ob-havo tufayli unda ishtirok etishdan voz kechgan. Fojia tufayli festival bekor qilindi.

Top