Rossiyaning mehmonxonalardan onlayn joy band qilish Oktogo.ru xizmati rus sayyohlari o‘rtasida MDH va yaqin xorij mamlakatlaridagi qaysi tog‘-chang‘i kurortlari keng ommalashganini aniqlab chiqdi.
Mazkur reyting 2016 yil 1-10 yanvardagi yangi yil ta'tili kunlari davomida mustaqil sayohat qiluvchi turistlar tomonidan mehmonxonalarning oldindan band qilingani to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida tuzib chiqildi.
MDH davlatlaridagi eng ommaviy 10ta tog‘-chang‘i kurortlari ro‘yxatiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belorus, Armaniston, Qirg‘iziston, Gruziya va Ukrainadagi tog‘-chang‘i komplekslari o‘rin egalladi.
Mazkur ro‘yxatning 9- bandidan o‘rin olgan Chimyon, ayni paytda, MDHdagi qishki ta'til uchun eng arzon joylardan biri sifatida ham e'tirof etildi.
Ushbu top-10talikni Qozog‘istonning Shimbulak tog‘-chang‘i kurorti boshlab berdi. Shuningdek, Tsaxkadzor (Armaniston), Logoysk (Belorus), Qarao‘l (Qirg‘iziston), Gudauri (Gruziya), Bukovel (Ukraina), Bakuriani (Gruziya), Oltoy Alplari (Qozog‘iston) va Silichi (Belorus) kurortlari ham o‘rin egalladi.
Eng arzon tog‘-chang‘i kurortlari ro‘yxatini esa Logoys va Silichi kuniga o‘rtacha 47 dollar sarflanishi bilan boshlab berdi. Ushbu ro‘yxatda Chimyon bir kunda uncha arzon bo‘lmagan mehmonxonada bir tunash, kechki taom va ski-pass (tepalikdan muayyan masofaga chang‘i yoki snoubordda tushish) xarajatlari 51 dollarni tashkil etib, uchinchi o‘rinda qayd etildi. Shimbuloq esa mazkur xarajatlar uchun o‘rtacha 95 dollar talab qilib, ro‘yxatni yakunlab berdi.