16:53 / 05.10.2015
7932

Italiyaliklar dunyodagi eng ulkan tortni pishirishdi

Italiyada dunyodagi eng yirik tort sifatida tan olingan shirinlik tayyorlandi. Bu haqda The Local nashri xabar bergan.

Ushbu tortning vazni 1 tonnadan ortiqni tashkil etgan. Tortning uzunligi 16,46 metr, eni esa 13,94 metrga teng bo‘lgan.

Ushbu ulkan shirinlikni tayyorlash maqsadida Italiya tort dizaynerlari uyushmasi a'zosi bo‘lgan 300 nafar pazanda ish olib borgan. Ushbu pishiriq 4 oktabr kuni Milandagi savdo yarmarkasi paytida namoyish etilgan.

Ginnes Rekordlar kitobi bo‘yicha qo‘mita vakili bo‘lmish hakam Lorentso Veltri ushbu tortni dunyoda shu vaqtgacha pishirilgan tortlarning eng yirigi sifatida tan olgan va uni rekordlar kitobida qayd etgan.

Shundan so‘ng, ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar bu tortni 12 ming bo‘lakka bo‘lgan holda iste'mol qilishgan.

Ushbu tort sathida Yevropaning janubiy qismi xaritasi tasvirlangan va unda Italiya xaritasi yashil ranglar bilan alohida ajratib ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, bu tort 2014 yilning noyabrida Londonda pishirilgan ulkan tort o‘rnatgan rekordni yangiladi.

Bundan oldinroq, italiyalik pazandalar dunyodagi eng ulkan pitssani tayyorlagan holda rekord o‘rnatishgandi.

Top