10:54 / 05.10.2015
5244

Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hojilari Vatanga qaytdilar

Avval xabar qilganimizdek, ayni kunlarda muqaddas haj amallarini bajargan o‘zbekistonlik hojilar Jidda-Toshkent, Jidda-Samarqand, Jidda-Buxoro, Jidda-Termiz, Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha yurtimizga jo‘nab ketishmoqda.
Ishchi guruh a'zolari tomonidan ularni mehmonxonadan kuzatish, tartib bilan avtobuslarga chiqarish, Jidda aeroportida kutib olib, samolyotlarga joylashtirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Hojilarimiz istiqomat qilib turgan Makka shahridagi “Abroj al-Muhammadiya” mehmonxonasidan Jidda aeroportigacha bo‘lgan masofa 1-1,5 soatlik yo‘l ekanini inobatga olib, ularni manzilga yetkazish uchun maxsus avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘l davomida ularga safar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat va ichimliklar tarqatilmoqda.


Kuni kecha Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hojilari Vatanimizga qaytdilar. Ular tomonidan safar yakuni yuzasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyatiga minnatdorchilik maktublari yo‘llangan. Xatlarda quyidagicha misralar mavjud:
Surxondaryo viloyati hojilari nomidan B.Husanov, A.Qurbonov, H.Buronov, O‘.Yusupov, X.Bobomurodov, Q.Sattorov va boshqalar: “Haj 2015 yil O‘zbekiston hojilari uchun juda ham muvaffaqiyatli va samarali o‘tdi. Hojilariga yaxshi sharoitlar yaratib berildi. Biz mehmonxonada, oshxonada, qadimiy joylarni ziyorat qilishda, avtobuslarda haramga borishda, Mino vodiysida tartibni saqlashda jonbozlik ko‘rsatgan ishchi guruhi a'zolariga behisob rahmatlar aytamiz. Mingboshi va ellikboshilar hoji otaxon va onaxonlarni haj amallarini bajarishda yaqindan yordam berib, xolis xizmatlari bilan hojilarni xursand qildilar. Ziyoratchilarga yaratilgan qulay sharoitlar uchun cheksiz minnaddorchiligimizni bildiramiz. Yaratgan parvardigor bunday ezgu ishlarning boshida turgan muhtaram Yurtboshimiz rahbarligidagi hukumatimizga olib borayotgan ezgu ishlariga madadkor bo‘lsin!”.
Sirdaryo viloyati hojilari: “Hurmatli va muhtaram yurtboshimiz, biz keksalarni e'zozlab “2015 yil - keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilganingizdan, shunday tinch va tobora gurkirab yashnab borayotgan ozod va obod vatanda yashayotganimiz uchun qalbimizda ko‘tarinki faxr va g‘urur tuyg‘usini his emoqdamiz. Mustaqillik yillari Sizning sharofatingiz bilan biz musulmonlar muqaddas haj safariga chiqishimiz uchun keng imkoniyatlar ochildi.
Ushbu yil biz ziyoratchilarni Madinai munavvarada yaxshi kutib olib, juda chiroyli xizmat ko‘rsatishdi. Haj amallarini bajarayotganimizda, O‘zbekistonimizdan kelgan tajribali shifokorlardan muolajalar olib, qo‘li shirin oshpazlarimiz tayyorlagan taomlardan rohatlandik. Bizga barcha haj amallarini qiynalmay va ixlos bilan bajarishda ishchi guruhi a'zolari juda katta amaliy yordam berdi. Guruh rahbarlari haj safarining barcha bosqichida bizga bosh-qosh bo‘ldilar.
Hozir jonajon yurtimiz dalalarida dehqonlarmiz qalb qo‘ri bilan yetishtirilgan oq oltin va boshqa dehqonchiliklarni yig‘ib terib olish mavsumi boshlandi. Biz hojilar yon-atrof mamlakatlarida notinchlik hukm surib turgan paytda shunday tinch-osoyishta turmushimizni ta'minlab kelayotgan hukumatimizni, xalqimiz rizqi-ro‘zini yig‘ishtirib olayotgan dehqonlarimizni duolar qildik.
Biz hojilar vatanimizga qaytgach xalqimizga, yoshlarmizga qalbimizdan kechayotgan faxr va qanday yurtda yashayotganimiz haqida dil so‘zlarini aytib, jonajon Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz”.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati

Top