17:31 / 05.10.2015
31530

Suriyaga borib kelgan O‘rta Osiyo vakillari o‘z taassurotlarini jurnalistlar bilan o‘rtoqlashdilar

Rossiyaning Suriyada harbiy operatsiya boshlashi bilan eski muammo yana ko‘tarildi, bu ham bo‘lsa Suriyadagi radikal guruhlar tomonida turib harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan O‘rta Osiyo vakillari.

Turli hisob-kitoblarga qaraganda, urush boshlanganidan buyon Suriyaga bu mintaqadan 2 minggacha odam yo‘l olgan.

Shu bilan birga, yana bir tendensiya kuzatilmoqda: kelayotgan odamlarning bir qismi IShID mafkurasidan ko‘ngli qolib, yurtlariga qaytib ketmoqda.

Rossiya matbuoti mana shunday odamlarning bir qismi bergan intervyularni e'lon qildi. Ushbu hikoyalarda Suriyadagi urush dahshatlari bor bo‘yicha ko‘rsatib berilgan.

Farrux Sharifov: Ular musulmonlarni o‘ldiradi

Xo‘jandlik 25 yoshli yigit Suriyada jangarilarga aralashib qolib, katta qiyinchiliklar bilan yurtiga qaytib kelganini hikoya qilib berdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, oilasi tarqalib ketganidan so‘ng bunday qaror qabul qilgan. Bu ishni amalga oshirishda bo‘lajak jangariga moskvalik allaqanday qiz yordam bergan. So‘ng Moskvadan Farrux Turkiyaga yo‘l olgan, u yerdan esa Suriyaga o‘tib olgan. U yerda yangi qabul qilingan jangari Raqqa shahriga ko‘chirilgan. Farrux birga yashab kelgan 30 kishilik guruhda bittadan tojikistonlik va dog‘istonlik jangarilar bo‘lgan.

Bir oy davomida IShID tarkibida harakat qilgan Farrux Sharifov ko‘rganlaridan dahshatga tushgan. Ayniqsa jangarilar odamlarni xohlagan paytlarida, hech qanday sud yoki tergovsiz qatl qilishlari yosh yigitga yomon ta'sir qilgan. Bir kuni uning safdoshlari, ozarbayjonlik ko‘ngillilar xiyonatda ayblanib qatl qilingan. Ta'kidlanishicha, buning uchun birov og‘zaki tarzda ayblov qo‘yishining o‘zi yetarlidir.

Odam dinni haqorat qilganda yoki kurdlar foydasiga ayg‘oqchilik qilganda ayblanishi bilanoq o‘ldiriladi.

“Ularni niqobli avtomatchilar noma'lum tomonga olib ketadi”, - ta'kidladi Sharifov.
Shuningdek, tojikistonlik sobiq jihodchi IShID qarorgohlarida jinsiy qullik avj olayotganini so‘zlab berdi.

“Jonga tekkan ayollarni ular “birodar”lariga sovg‘a qilishadi. Xotinlar erining o‘limidan so‘ng qo‘lma-qo‘l bo‘lib boraveradi”.

Shu bois Farrux Sharifov bir oydan so‘ng ulkan qiyinchiliklar bilan Turkiyaga o‘tib olib, u yerdan Tojikistonga qaytib ketdi.

Qozog‘istonlik sobiq jangari: Sizni u yerda hech kim kutmayapti

Nomi keltirilmagan qozog‘istonlik sobiq jangari Suriyaga diniy targ‘ibot ta'sirida borib qolganini aytib berdi. Uning ta'kidlashicha, “buyuk missiya” haqidagi gap-so‘zlar faqat unga emas, arab davlatlaridan birida u bilan birga o‘qiyotgan do‘stlariga ham qattiq ta'sir o‘tkazgan.

Suriyada ularni harbiy harakatlarga tayyorlay boshladilar. Instruktorlar esa yevropaliklar va amerikaliklar edi. Oradan bir muddat olib, yangi ko‘ngillilar ham hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarga chiqarila boshlandi.

Guvohning ta'kidlashicha, guvohlar O‘rta Osiyodan kelganlarga yomon munosabatda bo‘lib, ularni “xitoylik” deb atab kelgan.

“Ayrim hollarda birodarlar yo‘qolib qolardi, yetakchilar esa ularning Xums yoki Gutaga ketib qolganlarini aytishardi”, - eslaydi guvoh.

“Kelgindini sotgan mahalliy aholi vakillari bu pullarga bolalarining to‘yini o‘tkazishi yoki mashina sotib olishi mumkin bo‘ladi”, - qo‘shimcha qildi u.

Vaqti o‘tishi bilan yigit fikridan qaytib, yurtiga qaytishga qaror qildi. U Suriyada bo‘layotgan voqealarni “g‘alayon va xiyonat” deb, jangarilarni esa jahldor va shafqatsiz odamlar deb baholadi. Ayni paytda, aytilishicha, jangarilar orasidagi munosabatlar ham juda murakkabdir.

Marjona Alanazarova: Men kamikadzega aylanaman

Keyingi qahramonimizga esa yurtiga qaytish nasib qilmadi.
Tojikistonning Shaartuz tumanida istiqomat qilib kelgan 27 yoshli Alanazarova bir yil muqaddam uch nafar farzandi bilan Moskvaga ko‘chib kelib, tikuvchilik korxonalaridan biriga ish joylashdi. Joriy yili uning eri va qarindoshlari Marjona bolalarini xolasiga qoldirib, Suriyaga ketganini bilishdi.

15 kuni ayol “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali eri bilan bog‘lanib, yordam so‘radi. Uning so‘zlariga qaraganda, ayni paytda u jangarilar qarorgohida saqlanmoqda va agar yurtiga qaytarilmasa, halok bo‘ladi.

Alanazarovaga katta pul va'da qilib, aldov yo‘li bilan Suriyaga olib ketishdi. U bilan birga ketgan ayol yaqinda kamikadzega aylantirilib, o‘zini portlatib yubordi. Endi Marjonaning gali keldi.

Tojikiston rasmiylari, xususan, Shaartuz prokuraturasi ayolga hech qanday yordam bera olmasligini tan oldi. Uning farzandlariga erining qaramog‘iga topshirildi. Eri Farrux rafiqasining Moskvada xolasinikida bir muddat yashashiga ruxsat berganidan qattiq pushaymondaligini aytdi.

Jamolbi Hamidova: Erim qattiq pushaymon bo‘ldi

Dushanbelik 30 yoshli Jamolbi Hamidova Krasnodarda eri bilan yashab kelayotgan edi, ammo aldov tufayli Suriyaga borib qoldi. Uning so‘zlariga qaraganda, turmush o‘rtog‘i Sharif Turkiyaga pul topish maqsadida ketgan, oradan biroz vaqt o‘tib, Istanbulda yaxshigina o‘rnashib olganini xabar qilib, uni ham chaqirgan.

Ammo Turkiyaga kelgan ayol eri tomonidan Suriyaning IShID nazorati ostidagi qismiga olib chiqib ketildi.

Hamidovaning ta'kidlashicha, juftlik u yerda juda og‘ir sharoitda yashay boshladi. Sharoitning noqulayligi barobarida, ichimlik suvi ham tanqis edi. Jihodchilarning oilalari umumiy xonalar va binolarga joylashtirilar edi.

“Ayollar xonasidan chiqishi mumkin emas edi, - eslaydi Jamolbi. – Faqat zarurat bo‘lganida, masalan, hojatga, yoki ovqat tayyorlashga chiqardik”.

Qishloq havodan o‘qqa tutilganda ayollar bitta xonaga berkinib, tinimsiz yig‘i qilishardi. Ular erlarini deyarli ko‘rmas edilar.

“Erim Suriyaga kelganidan qattiq pushaymon bo‘ldi. Uning badani yara-chaqaga to‘lib ketgan, og‘riqdan uxlolmasdi, - deydi ayol. – U pushaymonligini, aldanganligini ko‘p bora takrorladi”.

Qarorgohda hech qanday dorilar bo‘lmagani uchun Sharif davolana olmadi. Shunga qaramay, arablar kelib uni zo‘rma-zo‘raki olib ketdilar. Ikki haftadan keyin uning o‘limi qayd qilingan fotosuratlar Jamolbiga ko‘rsatildi.

Eri o‘lgan ayol, mahalliy qoidaga ko‘ra, boshqa jangariga unashtirib berildi. Shu tariqa ayol mutlaqo notanish erkak bilan yashay boshladi.

Bir oydan so‘ng Jamolbi qochishga qaror qildi. Turkiyalik va chechenistonlik bir qancha ayollar bilan birga ular mahalliy aholi vakillarini Turkiya chegarasigacha yetkazib qo‘yishga ko‘ndirishdi.

“Men haligacha bu xotiralardan azoblanmoqdaman, - xulosa qildi aldangan ayol. – Erim juda yaxshi va ishonuvchan inson edi, ammo ta'lim olmagan edi. Uni osonlikcha aldash mumkin edi. Jangarilar aynan shunday odamlardan puxta foydalanishadi”.

Eldor Asanov tayyorladi

Top