17:21 / 06.10.2015
9724

O‘zbekistonlik muftiy dunyodagi eng nufuzli musulmonlar qatorida e'tirof etildi

O‘zbekiston bosh muftiysi Usmonxon Alimov Iordaniyaning Amman shahridagi Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan tuzilgan dunyoning eng nufuzli musulmon kishilari ro‘yxatida qayd etildi.

Nuz.uz nashrining ma'lum qilishicha, ushbu ro‘yxatning eng yuqori qismidan Iordaniya qiroli Abdulla Ikkinchi ibn al-Husayn joy olgan. Undan keyin esa Qohiradagi "Al-Azhar" universiteti imomi shayx Ahmad Muhammad al-Toyib nomi keltirilgan.

Bu ro‘yxatning uchinchi o‘rni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdul Azizga nasib etgan.

Bu ro‘yxat o‘nligida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov, chechenlar yetakchisi Ramzan Qodirov hamda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham o‘rin olgan.

Qayd etish kerakki, bunday ro‘yxat 2009 yildan buyon tuzib kelinadi. Unda islom dini uchun xizmat ko‘rsatgan din, madaniyat, san'at, sport va siyosat arboblari keltiriladi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rasmiy sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, 1982—83 yillarda Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida, 1983—87 yillarda esa Toshkent islom institutida, 1989—90 yillarda Marokashdagi «Karavayin» universitetida tahsil olgan. 1987—2000 yillar davomida Payariq tumanidagi «Imom Buxoriy» masjidida imom-xatib, 2000 yildan esa O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Samarqanddagi bosh vakili vazifasida faoliyat olib borgan. 2006 yil 8 avgust kuni esa Usmonxon Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.

Top